Turkiy xalqlarning mushtarak tarixiy va ma’naviy merosini keng auditoriyaga tanishtirishga qaratilgan Turkiy madaniyat va meros jamg‘armasining TurkDiscovery YouTube platformasi o‘zining ma’rifiy faoliyatini davom ettirmoqda. Jamg‘armaning ma’rifiy missiyasi doirasida «Mangulik belgilari: Ramzlarda turkiy dunyo» hujjatli filmlar turkumining Qozog‘istonning ajdodlardan meros bo‘lib kelayotgan tamg‘alariga bag‘ishlangan yangi soni namoyish etildi.
Loyihaning asosiy maqsadi turkiy dunyoning turli hududlarida saqlanib qolgan qoyatosh bitiklari, ajdodlar tamg‘alari va qadimiy runiy yozuvlar orqali turkiy xalqlarning mushtarak tarixiy xotirasi hamda madaniy aloqalarini yoritishdan iborat. Hujjatli filmning yangi sonida ming yillar davomida ko‘chmanchi sivilizasiyaning eng muhim markazlaridan biri bo‘lib kelgan Qozog‘istonning boy tarixiy merosiga alohida e’tibor qaratilgan.
Sariarqa, Ustyurt, Oltoy va Tyan-Shan hududlarida saqlanib qolgan qadimiy tarix izlarini o‘rganish asnosida hujjatli filmda qozoq xalqi an’analarida asrab-avaylangan 200 dan ortiq ajdodlar tamg‘asining tarixi va ahamiyati tadqiq etiladi. Maishiy buyumlar va qurol-yarog‘lardan tortib, qabrtoshlar hamda yaylov hududlarini belgilovchi toshlargacha bo‘lgan turli manbalarda uchraydigan ushbu ramzlar qadimgi qabilalarning o‘zligini, urug‘-qabilaviy mansubligini va dunyoqarashini aks ettiruvchi muhim tarixiy dalillar hisoblanadi.
«Mangulik belgilari: Ramzlarda turkiy dunyo» hujjatli filmining yangi soni tomoshabinlarga Buyuk Dashtning toshlarga muhrlangan tarixiy xotirasi, qadimgi turkiy xalqlarning mushtarak madaniy merosi hamda bugungi kunga qadar davom etib kelayotgan an’analari haqida yanada chuqurroq tasavvurga ega bo‘lish imkonini beradi.
Sizlarni Buyuk Dashtning ming yillik ramzlari olamiga qiziqarli sayohat qilishga va uning tarixida yashiringan yangi sahifalarni kashf etishga taklif qilamiz!