Buyuk Britaniya bosh vaziri Endi Bernxem Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan uchrashuv yakunlari bo‘yicha Kiyevga qo‘shimcha harbiy yordam ko‘rsatilishini ma’lum qildi. Zelenskiy Bernxem bosh vazir lavozimiga kirishganidan keyin qabul qilingan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘ldi.
Tomonlar Britaniya dengiz bazasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda Ukraina mudofaa salohiyatini kuchaytirish masalalarini muhokama qildi. Xususan, London Stone Cloak elektron kurash tizimlarini ishlab chiqarish va ulardan foydalanish huquqini Ukrainaga topshirishga rozi bo‘ldi. Ushbu texnologiya dronlar va qanotli raketalarning havo mudofaa tizimlari tomonidan aniqlanishini qiyinlashtiradi.
Shuningdek, Britaniyaning Brakestop dasturi doirasida 500 kilometrdan ortiq masofaga ucha oladigan yangi raketa-dronlar ishlab chiqilmoqda. Ularning ilk partiyasini 2026 yil oxirigacha Ukrainaga yetkazib berish rejalashtirilgan.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Buyuk Britaniya hozirgacha Ukrainaga 16 milliard funt sterlinglik harbiy yordam ajratgan. Joriy yilda Kiyevga 150 mingta zarba va razvedka droni, shuningdek, 350 ta zenit raketa yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, London mojaro tugaganidan keyin Ukrainaga joylashtirilishi rejalashtirilayotgan ko‘p millatli xalqaro kuchlarni shakllantirishda ham yetakchi rol o‘ynashini ma’lum qildi. Rossiya esa NATO kuchlarining Ukraina hududida joylashtirilishiga qarshi ekanini yana bir bor ta’kidladi.