Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi ayrim neft va gaz sanksiyalarini yumshatdi. BBC ma’lumotiga ko‘ra, bu qaror AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi ortidan yuzaga kelgan global yoqilg‘i inqirozi fonida qabul qilingan.
Avvalroq AQSh Rossiya energetikasiga qarshi cheklovlarni qisman yengillashtirgan edi. Endi esa London ham shunga o‘xshash qadam tashlab, G‘arb davlatlari orasida Vashington ortidan Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatgan birinchi mamlakatga aylandi.
Yangi qarorga ko‘ra, Buyuk Britaniya Rossiya neftidan ishlab chiqarilgan dizel va aviasiya yoqilg‘isini uchinchi davlatlar orqali import qilishga ruxsat berdi. Shuningdek, “Saxalin-2” va “Yamal LNG” gaz loyihalariga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha cheklovlar ham bekor qilindi. Endi britan kompaniyalari Rossiya suyultirilgan gazini tashish, sug‘urtalash va moliyalashtirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tahlilchilarga ko‘ra, bu qaror Eron Hormuz bo‘g‘ozini yopganidan keyin jahon bozorida yuzaga kelgan neft va gaz tanqisligi bilan bog‘liq. Chunki ushbu bo‘g‘oz orqali dunyo neftining katta qismi tashiladi va u yopilganidan so‘ng energiya narxlari keskin oshib ketgan.
Mutaxassislar fikricha, sanksiyalarning yumshatilishi eng avvalo Rossiya, Xitoy va Hindiston uchun foydali bo‘ladi. Rossiya neft va gaz eksportdan qo‘shimcha daromad oladi, Xitoy va Hindiston esa energiya ta’minotidagi muammolarni yengillashtirish imkoniga ega bo‘ladi.