«Santos» markaziy hujumchisi, bo‘lajak Jahon chempionati uchun Braziliya terma jamoasiga chaqiruv olgan Neymar jamoaning maqsad va ambisiyalari haqida gapirdi.
«Mening so‘zlarimni eslab qoling, ushbu Jahon chempionatida biz bir butun bo‘lamiz. Bor kuchimizni ishga solamiz. Biz kubokni Braziliyaga qaytarishimiz shart», — deya Neymarning so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda taniqli jurnalist Fabrisio Romano.
Mundialning guruh bosqichida Karlo Anchelotti shogirdlari Marokash, Shotlandiya va Gaiti terma jamoalariga qarshi bahs olib borishadi. Braziliyaliklar uchun turnir 14 iyun kuni marokashliklarga qarshi o‘yin bilan boshlanadi.
Eslatib o‘tamiz, Braziliya terma jamoasi Jahon chempionatlari tarixidagi eng sovrindor jamoa hisoblanadi. Jamoa bosh sovrinni besh marta qo‘lga kiritgan.