Buxoroda yirik qarzdorlik bo‘yicha sud qaroriga beparvo qarab kelgan Buxoro tumani hokimligiga tegishli Cobalt rusumli xizmat avtomashinasi jarima maydonchasiga olib qo‘yildi.
Majburiy ijro Byurosi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘yicha katta inspektori Ixtiyor Olimov «Xabar.uz»ga bu haqda ma’lum qilar ekan, sud hujjatlarini bajarish har qanday idora, tashkilot uchun qonun ustuvorligining eng muhim kafolatlaridan biri bo‘lishini ta’kidladi.
«Biroq, ayrim holatlarda bu talabga, hatto, davlat organlarining ham rioya etmayotgani achinarli hol. Bir nechta fuqarolarning murojaatlari yuzasidan Buxoro tuman hokimligiga nisbatan chiqarilgan sud qarorlari uzoq muddat bajarilmay kelindi. Holat yuzasidan ijro ishi qo‘zg‘atilib, qonunga muvofiq, qarzdorga ixtiyoriy bajarish uchun qator muddatlar berildi. Biroq, hokimlik tomonidan qarzdorlikni bartaraf etish bo‘yicha hech qanday amaliy harakat qilinmadi. Bu esa hokimlikka nisbatan qat’iy chora ko‘rish zaruratini tug‘dirdi»,-dedi Ixtiyor Olimov.
Ma’lum bo‘lishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Romitan tumanlararo sudi fuqaro B.YO.ning da’vosi asosida Buxoro tuman hokimligidan uning foydasiga 202 million 769 ming 223 so‘m ish haqi undirish haqida qaror chiqargan. Shuningdek, yana bir ishda fuqarolik ishlari bo‘yicha Buxoro tumanlararo sudi buzilgan bino uchun kompensasiya masalasini ko‘rib chiqib, hokimlikdan fuqaro G. G‘. foydasiga 140 million 142 ming 983 so‘m moddiy zarar va ekspertiza xarajatlari undirishni belgilagan.
Shundan so‘ng davlat ijrochilari tomonidan hokimlikning hisob raqamlariga band solinib, ko‘chmas mulklari hamda avtotransport vositalariga ta’qiq qo‘yilgan. Ammo, bu choralar ham natija bermagan.
Vaziyat shu darajaga yetganki, davlat ijrochisining qarori bilan tuman hokimligi balansidagi barcha avtotransport vositalariga nisbatan qidiruv e’lon qilingan. Majburiy ijro harakatlari davomida hokimlikka tegishli bo‘lgan xizmat avtomashinasi aniqlanib, qonun talablariga muvofiq xatlangan va vaqtincha saqlash uchun jarima maydonchasiga joylashtirilgan.
Shundan keyingina hokimlik sud qarorlarini bajarishga majbur bo‘lgan va ijro hujjatlari bo‘yicha barcha qarzdorliklar to‘liq qoplangan.
Ayni paytda mazkur yo‘nalishdagi nazorat va ijro tadbirlari davom etmoqda.