Noqonuniy ov bilan shug‘ullangan fuqarolar Ekopolisiya xodimlariga qarshilik ko‘rsatgan. Hodisa oqibatida xodimlardan biri tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Buxoro viloyatining Peshku tumanida noqonuniy ov bilan shug‘ullangan besh nafar fuqaro Ekopolisiya xodimlariga qarshilik ko‘rsatdi. Bu haqda viloyat Ekologiya boshqarmasi matbuot xizmati xabar berdi.
Mutaxassislar Qoraqir massivida reyd tadbirini o‘tkazgan. Tekshiruv davomida besh nafar mahalliy fuqaro taqiqlangan tungi yoritish moslamalari va ov qurollaridan foydalanib, noqonuniy ov bilan shug‘ullangani aniqlangan. Ular 13 ta quyon ovlagan.
Xodimlar tekshirish maqsadida «UAZ» rusumli avtomashinani to‘xtatgan. Avtomashinada bo‘lgan fuqarolar xodimlarning qonuniy talablariga bo‘ysunmasdan, ularga qarshilik ko‘rsatgan.
Hodisa davomida Ekopolisiya xodimlaridan biri tan jarohati olgan. Unga tibbiy yordam ko‘rsatilib, shifoxonaga yotqizilgan.
Mazkur holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.