Buxoroda “Ozarbayjon madaniyati: adabiyot va san’at haftaligi” doirasida “Buxoroda Ozarbayjon sadolari” nomli konsert dasturi tashkil etildi. Buxoro Yoshlar markazida bo‘lib o‘tgan tadbirda Ozarbayjon va O‘zbekiston san’atkorlari birgalikda ishtirok etdilar.
Tadbirda so‘zga chiqqan Ozarbayjon Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi, doktor Rashad Mammadov Buxoroda ko‘rsatilgan samimiy mehmondo‘stlik hamda tadbirlarni tashkil etishda ko‘rsatilgan qo‘llab-quvvatlash uchun Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripovga va Buxoro shahar hokimligiga o‘z minnatdorligini bildirdi.
Elchi ikki xalqni birlashtirib turuvchi mushtarak tarixiy va madaniy qadriyatlar o‘zaro munosabatlarni yanada mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek, mazkur konsert dasturi Ozarbayjon musiqa san’atining boy merosi va milliy ijrochilik an’analarini Buxoro jamoatchiligiga keng tanishtirish nuqtai nazaridan alohida ahamiyatga ega ekanini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, bunday madaniy loyihalar ikki mamlakat san’at vakillari o‘rtasidagi ijodiy aloqalarni kengaytirish, madaniy hamkorlikni rivojlantirish hamda tomoshabinlarni Ozarbayjonning boy musiqiy merosi bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qiladi.
Shundan so‘ng so‘zga chiqqan Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasidagi azaliy do‘stlik va qardoshlik munosabatlari, shuningdek, ikki tomonlama aloqalarning turli sohalarda izchil rivojlanib borayotgani haqida fikr bildirdi. U xalqlarimizning mushtarak tarixiy ildizlari, boy madaniy merosi va umumiy ma’naviy qadriyatlari mazkur munosabatlarning mustahkam poydevorini tashkil etishini alohida ta’kidladi.
Botir Zaripov “Ozarbayjon madaniyati: adabiyot va san’at haftaligi” doirasida Buxoroda bunday konsert dasturining tashkil etilishini yuksak baholab, ushbu madaniy tadbir ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada kengaytirish, xalqlarimizning bir-biri san’ati va madaniy merosini chuqurroq anglashiga xizmat qilishini qayd etdi.
Ozarbayjon va O‘zbekiston san’atkorlari ijrosida yangragan musiqiy asarlar konsert dasturiga o‘zgacha fayz va joziba bag‘ishlab, tomoshabinlarga ko‘tarinki kayfiyat va unutilmas taassurotlar ulashdi.