Ukraina xalqaro moliya institutlari oldidagi qarzlarini 2061 yilgacha to‘lashni rejalashtirgan. TASS Ukraina Moliya vazirligi ma’lumotlari asosida hisob-kitob qilib, mamlakatning Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) va Jahon banki oldidagi jami to‘lovlari qariyb 128,86 milliard dollarni tashkil etishini ma’lum qildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu summaning qariyb 100,92 milliard dollari asosiy qarz, 27,94 milliard dollari esa foiz to‘lovlariga to‘g‘ri keladi. To‘lovlar 2057 yilgacha dollarda, 2061 yilgacha esa yevroda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan
2026 yilda Ukrainaning tashqi kreditorlarga to‘lovlari 4,86 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Shundan 2,41 milliard dollari asosiy qarz, 2,45 milliard dollari esa foizlardan iborat.
Biroq bu hisob-kitoblar yangi tashqi qarzlar olinmasligi sharti bilan tuzilgan. Ukraina qarz olishni davom ettirsa, kelajakdagi to‘lovlar hajmi va muddati ham o‘zgarishi mumkin.
Ukraina Moliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026 yil 31 avgust holatida mamlakatning davlat va davlat tomonidan kafolatlangan qarzi 9,603 trillion grivna yoki 215,55 milliard dollarni tashkil etgan.
TASS hisob-kitoblariga ko‘ra, 2027 yilda davlat qarzini to‘lash va unga xizmat ko‘rsatish uchun 1,18 trillion grivna — qariyb 26,4 milliard dollar sarflanishi rejalashtirilgan.
Hukumat 2027 yilda 1,66 trillion grivna miqdorida qarz olishni rejalashtirmoqda. Davlat qarzining prognoz qilinayotgan chegarasi 12 trillion grivnadan oshib, yalpi ichki mahsulotning (YAIM) qariyb 110,4 foiziga teng bo‘lishi mumkin.
TASS ma’lumotlariga ko‘ra, Vladimir Zelenskiy prezidentligi davrida Ukraina davlat qarzi sezilarli darajada oshgan.