Kaspiy dengizining shimolida, Qozog‘istonning Kulali oroli yaqinida yangi orol paydo bo‘ldi. Olimlar buni dengizda suv sathi pasayishda davom etayotganidan dalolat beruvchi xavotirli belgi sifatida baholadi. Bu haqda Khaleej Times xabar berdi.
Yangi quruqlik hududi yaqinda o‘tkazilgan aerofotosuratga olish jarayonida aniqlangan. Suv sathining pasayishi natijasida dengiz tubining ayrim qismlari ochilib, yangi orollar va quruqliklar paydo bo‘lmoqda. Ekolog Daniyar Akimjanovning so‘zlariga ko‘ra, Kulali oroli yaqinida bunday holat birinchi marta kuzatilayotgani yo‘q. So‘nggi to‘rt-besh yil ichida bu hududda bir nechta yangi orol paydo bo‘lgan.
Ulardan ayrimlarining uzunligi qariyb bir kilometrga, eni esa 200–300 metrga yetadi. Ba’zi hududlarda o‘simliklar o‘sib chiqqan, shuningdek, yovvoyi cho‘chqalar va bo‘rilar ham kuzatilgan. Biroq mutaxassislar yangi orollarning barchasi saqlanib qolmasligi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ularning kelajakdagi holati to‘lqinlar, shamol, dengiz tubining relefi va Kaspiy dengizi sathining o‘zgarishiga bog‘liq. Ayrim hududlar kengayishi, materik bilan tutashishi yoki yana suv ostida qolishi mumkin.
Kaspiy dengizida suv sathining pasayishi, ayniqsa, uning sayoz shimoliy va shimoli-sharqiy qismlarida, jumladan, Qozog‘iston sohillarida yaqqol kuzatilmoqda. Kaspiy dengizi ilmiy-tadqiqot instituti ma’lumotlariga ko‘ra, 1996 yildan 2025 yilgacha ushbu hududda suv sathi taxminan 2,45 metrga pasaygan.
Olimlar Kaspiy dengizida suv sathining pasayishini iqlim o‘zgarishi va inson faoliyatining ta’siri bilan bog‘lamoqda.
Suv sathining pasayishi nafaqat dengizning geografik ko‘rinishiga, balki uning ekotizimiga ham ta’sir ko‘rsatdi. Bundan tashqari, dengizning sayozlashishi portlar faoliyati, kemalar qatnovi va baliqchilik uchun ham xavf tug‘diradi.
Tadqiqotchilar Kaspiy dengizida suv sathining 5–10 metrga pasayishi muhim ekotizimlar faoliyatini jiddiy izdan chiqarishi, shuningdek, qiymati milliardlab dollarga teng fuqarolik va sanoat infratuzilmasiga xavf tug‘dirishi mumkinligidan ogohlantirdi.