Buxoro viloyatida shifokorlar 14 kunlik chaqaloqning oshqozonidan to‘g‘nog‘ichni olib tashladi. Bu haqda “Millar” ko‘rsatuvi reportajida xabar qilindi.
Ma’lum qilinishicha, chaqaloq tinimsiz qusish va bezovtalik sababli Buxoro viloyat bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markaziga olib kelingan. Tibbiyot muassasasida qayta o‘tkazilgan rentgen tekshiruvida uning oshqozonida to‘g‘nog‘ich borligi aniqlangan.
Shundan so‘ng shifokorlar yot jismni olib tashlashga kirishgan. Buning uchun jarrohlik kesmasi talab etilmagan. To‘g‘nog‘ich gastrezofagoskop apparati orqali maxsus qisqich yordamida chiqarib olingan.
“Operasiyasiz, hech qanday kesishsiz, maxsus uskuna yordamida to‘g‘nog‘ichni olib tashladik. Bir tomchi ham qon ketmadi. Amaliyot 10–15 daqiqa davom etdi”, deydi shifokor.
Muolajadan keyin chaqaloqning ahvoli yaxshilangan. Shifokorning so‘zlariga ko‘ra, bolaning tana harorati, yurak urishi va nafas olishi me’yorida bo‘lgan. U mustaqil emishni boshlagan va onasining bag‘riga qaytarilgan.
Tibbiyot markazi mutaxassisi chaqaloqning ahvoli yaxshi ekanini bildirib, uni shu kunning o‘zida uyiga chiqarish rejalashtirilganini aytgan. Chaqaloqning oshqozoniga to‘g‘nog‘ich qanday tushib qolgani haqida reportajda ma’lumot berilmagan.