Braziliyaning Portu-Alegri shahridagi Salgadu Filyu xalqaro aeroportida Latam aviakompaniyasi samolyoti komandiri aviadispetcher bilan bog‘lanib, samolyot bortida oilasi unutib qoldirgan 7 yoshli bola borligini ma’lum qilishga majbur bo‘ldi.
Hodisa Riu-Grandi-du-Sul shtati poytaxtiga San-Pauludan uchib kelgan reysda sodir bo‘lgan.
«Bu yerda ancha g‘ayrioddiy vaziyat yuzaga keldi. Oila samolyotdan tushib ketdi va o‘z o‘g‘lini bortida unutib qoldirdi. U taxminan 7 yoshda», — dedi samolyot komandiri aeroport xodimlariga.
Havo harakatini boshqarish dispetcheri Latam vakili bilan zudlik bilan bog‘lanishini va uni samolyot oldiga yuborishini bildirdi.
Aviakompaniya ushbu g‘ayrioddiy hodisa yuz berganini tasdiqladi va voqea yaxshi yakunlanganini ma’lum qildi.
«Bolaga Latam xodimlari hamrohlik qildi va taxminan 15 daqiqadan so‘ng qarindoshlik aloqalari tasdiqlanganidan keyin u onasiga qaytarildi», — deyiladi kompaniya bayonotida.