Bolgariyada Starlink sun’iy yo‘ldosh tizimi antennalarini yoqib yuborganlikda gumonlanayotgan Germaniyaning 19 yoshli ikki fuqarosini hibsga olish uchun Yevropa orderi berildi. Tergov taxminiga ko‘ra, 9 oktyabr kuni kechqurun Islam Z. va Beytulla T. Sofiyadan janubdagi tog‘li hududda joylashgan sakkizta antennani yoqib yuborgan.
Ob’ektda jami 18 ta antenna bo‘lgan: ulardan uchtasi butunlay yonib ketgan, yana beshtasi turli darajada shikastlangan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, yigitlar Bolgariyaga Serbiyadan Germaniya davlat raqamiga ega Volkswagen avtomobilida kirib kelishgan, o‘zlarini sayyoh deb tanishtirishgan va o‘sha kuni kechqurun ortiga qaytib ketishgan.
Erkaklarga ayblov 14 oktyabr kuni sirtdan e’lon qilingan, ikki kundan keyin milliy hibsga olish orderi berilgan. Endilikda sud Yevropa orderlarini tasdiqladi. Ayblov hukmi chiqarilgan taqdirda, ular uch yildan 12 yilgacha ozodlikdan mahrum etilishi mumkin.
Hodisa Yevropada Starlink infratuzilmasi ob’ektlarini yoqib yuborish seriyasi fonida yuz berdi. Sentyabr oyida Polshada tarmoqning yerdagi stansiyasi yonib ketgan edi, Litvada esa uskunalarga xizmat ko‘rsatuvchi kompaniyaga hujum qilishga urinish sodir bo‘lgani xabar qilingan. Polshadagi ishda rasmiylar Rossiya maxsus xizmatlarining aloqadorligidan gumon qilmoqda, biroq ushbu epizodlar va Bolgariyadagi yong‘in o‘rtasidagi bog‘liqlik hozircha aniqlanmagan.