Xalqaro huquq va xavfsizlikni saqlash uchun mas’ul bo‘lgan BMTning asosiy organi tomonidan tegishli rezolyusiya 11 mart, chorshanba kuni, 15 a’zodan 13 tasining ovozi bilan qabul qilindi.
Rezolyusiya matnini ko‘rib chiqish uchun Fors ko‘rfazidagi arab davlatlari hamkorlik kengashi a’zolari (Birlashgan Arab Amirliklari, Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Ummon, Qatar va Bahrayn) hamda Iordaniya kiritdi. Hujjatda aytilishicha, Eronning ushbu davlatlarga qilgan hujumlari xalqaro huquqni buzish hisoblanadi va “jahon tinchligi va xavfsizligiga jiddiy tahdid” soladi. Ushbu hujjatda Eronga qarshi harbiy harakatlarni boshlagan AQSh va Isroil tilga olinmagan.
Rezolyusiyada, shuningdek, Tehronning Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali xalqaro dengiz qatnovini “to‘sish, xalaqit berish yoki boshqa tarzda izdan chiqarish”ga qaratilgan “har qanday harakatlari yoki tahdidlari” qoralanadi. Yaqin Sharq mamlakatlaridan neft eksporti uchun eng muhim transport yo‘llaridan biri hisoblangan ushbu bo‘g‘oz AQSh va Isroilning Eronga qarshi urushi boshlanganidan buyon amalda Tehron tomonidan to‘sib qo‘yilgan.
Rezolyusiya bo‘yicha ovoz berishda Xavfsizlik kengashining ikki doimiy a’zosi — Rossiya va Xitoy betaraf qoldi.
Eron esa o‘z navbatida Fors ko‘rfazi davlatlari tashabbusi bilan qabul qilingan rezolyusiyani tanqid qildi. Mamlakat vakili Amir Said Iravoniy buni “AQSh va Isroilning siyosiy maqsadlariga erishish uchun BMT Xavfsizlik kengashi mandatini suiiste’mol qilish” deb atadi, Eronning o‘zi esa “tajovuz qurboni” ekanini ta’kidladi.