Biz bir vaqtlar Erdo‘g‘anning hayotini saqlab qolganmiz, endi esa Turkiya bilan urush bo‘lishi mumkin, deya fikr bildirdi Isroil diaspora ishlari va antisemitizmga qarshi kurashish vaziri
Amichay Chikli Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an va Anqara siyosatini keskin tanqid qildi hamda ushbu mamlakat bilan urush bo‘lishini aytdi. U bu haqda Birlashgan siyosat bo‘yicha Quddus markazi (JCAP) tadqiqotining taqdimotiga bag‘ishlangan yopiq tadbirda aytib o‘tdi.
Chikli Tel-Avivdagi “Ichilov” kasalxonasining sobiq matbuot kotibi Avi Shushanning da’volariga tayanib, Isroil ilgari Erdo‘g‘anning hayotini saqlab qolganini aytdi.
Shushanning ta’kidlashicha, taxminan, olti yoki yetti yil muqaddam Mossad so‘roviga ko‘ra va bosh vazir Binyamin Netanyahuning roziligi bilan Turkiyaga isroillik shifokor yuborilgan. U Erdo‘g‘anni og‘ir xastalikdan (xabarlarga ko‘ra, saratondan) davolash uchun jo‘natilgan.
"Bugun yahudiylarga tahdid qilayotgan bu odam yahudiy tufayli, isroillik tufayli, Binyamin Netanyahu va Devid Barnea tufayli yashayapti va nafas olyapti", — degan edi Shushan.
Chikli o‘z nutqida Turkiya nonko‘rlik qilayotganini aytib, uni keskin qoraladi. Bu bayonot Isroil va Turkiya o‘rtasida keskinlik ortib borayotgan bir paytda yangradi.
"So‘nggi yillarda Turkiyada yuz bergan eng yirik yer qimirlashida Isroil davlati turkiyaliklarni qutqarish uchun ulkan delegasiya yuborgan edi. Shundan so‘ng Turkiyaning ko‘rsatayotgan nonko‘rligini aqlga sig‘dirib bo‘lmaydi. Biz hatto Erdo‘g‘anning hayotini ham saqlab qolganmiz. Shuning uchun bu kishining hafsalasini juda pir qiladi", — dedi isroillik vazir.
"Erdo‘g‘an Yaqin Sharq mintaqasiga nisbatan imperialistik, fanatik va irqchilik intilishlari nuqtayi nazari, shuningdek, mintaqadagi har qanday nomusulmon ozchilikni etnik tozalash niyati hamda harakatlari bo‘yicha Gitlerga o‘xshaydi", — dedi u.
Vazir Turkiyaning Quddusdagi konsulxonasini zudlik bilan yopishga chaqirdi. Shuningdek, u Isroildan Turkiya bilan munosabatlarni batamom to‘xtatishi talab qildi.
"Biz Turkiya bilan urushga tayyorgarlik ko‘rishimiz kerak. Bu to‘g‘ridan-to‘g‘ri dengizdagi to‘qnashuvlar ko‘rinishida bo‘lishi mumkin", — deya qo‘shimcha qildi vazir.