Bugun 14 noyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Birinchi xonimlarni birlashtirgan «Nol chiqindi» alyansi: Ziroat Mirziyoyeva Antaliyadagi COP31 uchrashuvida qatnashdi

Birinchi xonimlarni birlashtirgan «Nol chiqindi» alyansi: Ziroat Mirziyoyeva Antaliyadagi COP31 uchrashuvida qatnashdi


O‘zbekistonning Birinchi xonimi, «Zamin» xalqaro jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Ziroat Mirziyoyeva Antaliya shahrida bo‘lib o‘tayotgan COP31 konferensiyasi doirasida O‘zbekiston milliy pavilyoniga tashrif buyurdi.

Pavilyonda Ziroat Mirziyoyeva mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ekologik loyihalar, jumladan, «Zamin» fondining «Eco-Schools Uzbekistan» loyihasi bilan tanishdi. Loyiha ishtirokchilari maktabgacha va boshlang‘ich ta’lim uchun LEAF, umumta’lim maktablari uchun Eco-Schools hamda oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalari uchun Eco-Campus dasturlarini o‘z ichiga olgan uzluksiz ekologik ta’lim tizimini taqdim etdilar.

Shuningdek, COP31 doirasida davlat va hukumat rahbarlari rafiqalarining tabiiy resurslardan oqilona foydalanish va chiqindilarni kamaytirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini birlashtiruvchi «Nol chiqindi» (Zero Waste) Global alyansi tashkil etilgani e’lon qilindi.

Ushbu tashabbusga bag‘ishlangan yuqori darajadagi uchrashuvda so‘zga chiqqan Ziroat Mirziyoyeva Turkiya Birinchi xonimi Emine Erdog‘anga minnatdorlik bildirib, uning «Nol chiqindi» g‘oyasini xalqaro miqyosda ilgari surishdagi shaxsiy hissasini e’tirof etdi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Birinchi xonimi alyans doirasida ekologik ta’limni rivojlantirish, yoshlarning ekologik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha qator takliflarni ilgari surdi.

Kiritildi: 21:46 12.11.2026. O'qildi: 447 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik