Bugun 24 iyun, 2025 yil, seshanba

КИР

Bir guruh o‘zbekistonliklar Yevropaning nufuzli stipendiyasini qo‘lga kiritdi

Bir guruh o‘zbekistonliklar Yevropaning nufuzli stipendiyasini qo‘lga kiritdi

13 nafar o‘zbekistonlik iqtidorli talaba Yevropa Ittifoqining Erasmus Mundus qo‘shma magistrlik dasturiga qabul qilindi. Bu haqda dasturning mamlakatimizdagi ofisi xabar berdi.

2025 yilgi tanlov natijalariga muvofiq g‘olib deb topilgan talabalarning 9 nafari qizlar, 4 nafari yigitlardir. Ularning 10 nafari to‘liq Erasmus Mundus granti asosida, 3 nafari esa o‘z mablag‘i hisobidan (non-scholarship) tahsil oladi.

Talabalar o‘z magistrlik ta’limini joriy yil avgust-sentyabr oylarida Ispaniya, Fransiya, Niderlandiya, Germaniya, Portugaliya, Estoniya, Daniya kabi davlatlarda boshlaydi.

Bu yil jamiyatlar uchun barqaror axborot texnologiyalari, innovasion tibbiyot, kartografiya, xalqaro vaksinologiya, globallashgan dunyoda diniy xilma-xillik, Yevropa huquqi va iqtisodiyoti, kiberfazo, xulq-atvor va elektron terapiya, intellektual mulk va ma’lumotlar huquqi, arxeologik materialshunoslik, Yevropa atrof-muhit iqtisodiyoti va siyosati kabi o‘quv yo‘nalishlari tanlangan.

Ma’lumot o‘rnida: Erasmus Mundus – iqtidor egalarining ta’lim, kasbiy va shaxsiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan YEI dasturidir. Qo‘shma magistrlik tahsili doirasida o‘quv dasturi, sayohat xarajatlari, sug‘urta, vizani qo‘llab-quvvatlash, oylik stipendiya va boshqalarni o‘z ichiga olgan grant taqdim etiladi.

Evropa universitetlari konsorsiumi tomonidan ishlab chiqilgan noyob magistrlik kurslari doirasida talabalar bilim olibgina qolmay, mezbon davlatlar bilan tanishib, yangi madaniyatlarni ham kashf etadilar.

Yurtdoshlarimiz avvalgi yillarda ham Erasmus Mundus qo‘shma magistrlik dasturi stipendiyasida ijobiy natijalarni qayd etgan.

Eslatib o‘tamiz, Yevropa parlamentining Markaziy Osiyo davlatlari bilan aloqalar bo‘yicha delegasiyasi raisi Tomash Zdexovskiy joriy yil aprel oyida yurtimizga tashrifi chog‘i YEI tomonidan o‘zbekistonlik talabalar uchun ajratilgan grant ko‘rsatkichi bosqichma-bosqich oshirib borilishini aytgandi.

Kiritildi: 16:21 21.06.2025. O'qildi: 528 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!