Germaniya poytaxti Berlin prokuraturasi maxsus sariq konvertlar yetishmasligi sababli bir necha hafta davomida to‘liq ishlay olmagan. Bu haqda Berliner Zeitung prokuratura xodimlariga tayanib xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, prokuratura bir necha hafta davomida mahkumlarga jazoni o‘tashni boshlash haqidagi rasmiy xabarnomalarni o‘z vaqtida yubora olmagan. Natijada ayrim mahkumlar qamoqqa belgilangan muddatdan kechroq olingan, qamoqxonalarda esa bo‘sh o‘rinlar qolgan.
Gap oddiy konvertlar haqida emas, balki rasmiy hujjatlarni yetkazib berish uchun mo‘ljallangan maxsus blanklar haqida bormoqda. Ularda sud qarorlari, chaqiruv qog‘ozlari va qamoqxonaga borish haqidagi talablar yuboriladi. Pochtalyon hujjatni topshirganidan so‘ng ikki sahifalik yetkazib berilganlik tasdig‘ini to‘ldirishi kerak. Keyin ushbu hujjat ish jildiga qo‘shib qo‘yiladi.
Muammo federal qoidalar o‘zgartirilganidan keyin yuzaga kelgan. Yangi shakllardan foydalanish talabi hali 2025 yil mart oyi oxirida joriy etilgan, eski blanklar esa 2026 yil 1 avgustdan o‘z kuchini yo‘qotgan. Ya’ni idoralarda tayyorgarlik ko‘rish uchun qariyb 16 oy vaqt bo‘lgan. Ammo yangi konvertlar zaxirasi atigi ikki hafta ichida tugab qolgan.
Berlin prokuraturasi vakili yetkazib berishda «qisqa muddatli uzilish» bo‘lganini tasdiqladi. Biroq konvertlar yetishmasligi tufayli qancha mahkum jazoni o‘tashni kechroq boshlagani aniq emas. Bu bo‘yicha alohida statistika yuritilmagan.
Yangi konvertlar partiyasi allaqachon yetkazib berilgan. Biroq jazoni ijro etish xizmati vakillarining ta’kidlashicha, ular hanuz yetarli emas.