Belgiya tashqi ishlar vaziri Maksim Prevo o‘z apparatiga Falastin davlatini tan olish to‘g‘risidagi qaror loyihasini tayyorlash topshirig‘ini berdi. Uning ta’kidlashicha, bu masala yaqin vaqt ichida hukumat muhokamasiga qo‘yilishi kutilmoqda.
Flandriyaning VRT jamoat teleradiokompaniyasiga bergan intervyusida Belgiya tashqi siyosat idorasi rahbari mazkur jarayon G‘azo sektorida HAMAS harakati o‘z ma’muriy tuzilmalarini tarqatganini e’lon qilganidan so‘ng faollashganini bildirdi.
Prevoning aytishicha, hukumat bu masalani 10 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan Vazirlar kengashi yig‘ilishida muhokama qilishga ulguradimi-yo‘qmi, hozircha aniq emas.
«Jumagacha ulguramizmi, bilmayman. Ammo bu masala tez orada kun tartibiga chiqadi», — dedi vazir va qaror imkon qadar qisqa muddatda ko‘rib chiqilishiga umid bildirdi.
Belgiya bosh vaziri Bart de Vever o‘tgan yili BMT Bosh Assambleyasi doirasida Bryussel Falastinni tan olish niyatida ekanini ma’lum qilgan edi. Biroq u bu qadamni bir qator shartlarning bajarilishi bilan bog‘lagan. Ular qatorida barcha garovdagilarning ozod qilinishi va HAMASning G‘azo sektori boshqaruvidan chetlatilishi ham bor.
G‘azodagi urush boshlanganidan keyin Belgiya Isroil harakatlarini eng faol tanqid qilayotgan Yevropa davlatlaridan biriga aylandi. Shunga qaramay, hukmron koalisiya ichida Falastinni tan olish va Isroilga qarshi cheklov choralarini joriy etish masalasida hamon kelishmovchiliklar saqlanib qolmoqda.
CD&V, Les Engagés va Vooruit partiyalari hukumatni Falastin davlatini rasman tan olishga, Isroilga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar joriy etishga hamda ayrim Isroil vazirlarining Belgiyaga kirishini taqiqlashga chaqirmoqda.
Shu bilan birga, N-VA va MR partiyalari Falastinni tan olish uchun zarur shartlar hali bajarilmaganini, AQSh qo‘llab-quvvatlamaydigan sanksiyalar esa samara bermasligini ta’kidlamoqda.