Bugun 20 oktyabr, 2026 yil, seshanba

КИР

Beeline Uzbekistan Perfectum mobil operatorini sotib olmoqda

Beeline Uzbekistan Perfectum mobil operatorini sotib olmoqda

O‘zbekiston telekommunikasiya bozorida yirik xarid amalga oshirilishi kutilmoqda. Beeline Uzbekistan'ning bosh kompaniyasi VEON mamlakatimizda Perfectum brendi bilan faoliyat yuritayotgan Rubicon Wireless operatorini sotib olish bo‘yicha kelishuvga erishdi.

19 oktyabr kuni e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, xalqaro kompaniya Perfectum'ning barcha aksiyalarini qo‘lga kiritadi. Bitim qiymati qariyb 207 million dollarga baholangan bo‘lib, unga operatorning 93 million dollar atrofidagi moliyaviy qarzlari ham kiritilgan.

Xarid natijasida Perfectum'ga tegishli aloqa chastotalari, texnik uskunalar va telekommunikasiya infratuzilmasi VEON ixtiyoriga o‘tadi. Ular qatorida Nokia texnologiyalari asosida tashkil etilgan mustaqil 5G tarmog‘i ham mavjud.

Kompaniya prognozlariga ko‘ra, mazkur kelishuv Beeline Uzbekistan foydalanadigan chastotalar hajmini qariyb 50 foizga oshiradi. Bu esa mobil internet tezligini yaxshilash, aloqa qamrovini kengaytirish va yangi avlod 5G xizmatlarini joriy etish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi.

VEON Group bosh direktori Kaan Terzio‘g‘lu O‘zbekiston kompaniya uchun strategik ahamiyatga ega bozorlardan biri ekanini ta’kidladi. Uning bildirishicha, tarmoq imkoniyatlarini birlashtirish raqamli xizmatlar sifatini oshirish va infratuzilmaga yo‘naltiriladigan sarmoyalardan samarali foydalanishga xizmat qiladi.

Beeline Uzbekistan rahbari Yevgeniy Nastradin esa yangi chastotalar va texnik imkoniyatlar aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlari uchun yuqori tezlikdagi simsiz internet xizmatlarini rivojlantirishga yordam berishini qayd etdi.

Ma’lum qilinishicha, VEON xaridni o‘z mablag‘lari hisobidan moliyalashtiradi. Zarur ruxsatnomalar olingan bo‘lib, bitimni 2026 yil oktyabr oyi yakuniga qadar rasmiylashtirish rejalashtirilgan.

Kiritildi: 23:31 19.10.2026. O'qildi: 243 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!