«PSJ» klubining asosiy aksiyadori Qatar Sports Investments (QSI) basketbol tarixidagi eng mashhur o‘yinchilardan biri Kevin Dyurant bilan investisiya hamda strategik hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuvni imzoladi.
Amerikalik sportchi klubning kichik aksiya paketini xarid qilgan. Shu haftaning boshida QSI va Kevinning shaxsiy investisiya kompaniyasi hisoblanmish Boardroom Sports Holdings aksiyalar xaridi va strategik hamkorlik bo‘yicha kelishuv imzolab, Dyurantni Chempionlar Ligasi amaldagi g‘oliblarining rasmiy aksiyadori sifatida qabul qildi.
Bu hamkorlik doirasida tomonlar tijorat, investisiya va mediakontent yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli tashabbuslarda hamkorlik qiladi. Dyurant klubning AQSh va boshqa xalqaro bozorlardagi rivojlanish strategiyasi, PSG for Communities (klubning xayriya va mablag‘ yig‘ish bo‘limi) dasturini qo‘llab-quvvatlashda ko‘maklashadi.
Shuningdek, u «PSJ»ning bir qancha sport turlari bo‘yicha strategiyasi, jumladan, kelajakdagi basketbol loyihalari yuzasidan o‘z mutaxassislik maslahatlarini beradi.