Hujumchi Robert Levandovskining kelajagi noaniqligicha qolmoqda. "Barselona" polshalikka yangi shartnoma taklif qilmasligi va kelasi yozda hujum chizig‘ida yangi futbolchi bilan shartnoma imzolashi mumkin. Ammo Levandovski bo‘yicha yakuniy qaror keyinroq qabul qilinadi.
Ispaniyaning Sport nashri polshalik jurnalist Mateush Svensiskiga tayanib xabar berishicha, Levandovski faoliyatini "Atletiko"da davom ettirishi mumkin. Madridliklar bosh murabbiyi Diyego Simeone 37 yoshli polyakni yuqori baholamoqda.
"Milan" - ehtimoliy variant, ammo menda Levandovski mavsumni "Atletiko"da o‘tkazadi, degan taxmin bor. U Syorlot bilan o‘ynab, muvaffaqiyatga erishishi mumkin. "Barselona"dan "Atletiko"ga Luis Suares va David Vilya o‘tgandi," - deydi jurnalist.
Qayd etilishicha, Robert Levandovski ikkinchi darajali roli uchun maoshi kamaytirilgan taqdirda ham "Barselona"da qolishni afzal ko‘radi. Agar ketadigan bo‘lsa, Yevropada faoliyatini davom ettirishi ustuvor bo‘ladi.