Nashrning baholashicha, may oyigacha Rossiya Ukraina hududining atigi 0,4 foizini egallab olgan va birorta ham jiddiy maqsadga erishmagan.
The Economist hisoblariga ko‘ra, Rossiya armiyasining hozirgi hujum sur’ati saqlanib qolsa, Lugansk, Donesk, Xerson va Zaporoje oblastlarini to‘liq egallash uchun 2030 yil iyunigacha jang harakatlarini davom ettirishi, butun Ukrainani zabt etish uchun esa yana 103 yil kerak bo‘ladi.
Nashrning baholashicha, joriy yilning mayida Rossiya frontda keng ko‘lamli hujumni boshlaganidan beri Ukraina hududining atigi 0,4 foizini egallab olgan va birorta ham jiddiy maqsadga erishmagan. Shunday kichik ilgarilash uchun juda katta narx to‘langan. Nashr hisob-kitoblariga ko‘ra, keng ko‘lamli bosqin boshlanganidan to joriy yilning yanvarigacha Rossiya armiyasi 640-877 ming askarini yo‘qotgan, ulardan 137-228 ming nafari halok bo‘lgan. 13 oktyabrga kelib, bu raqamlar deyarli 60 foizga oshib, 984 mingdan 1,438 millionga yetgan, shu jumladan 190-480 ming kishi halok bo‘lgan.
Umuman olganda, 2022 yil oktyabrda Ukrainaning birinchi qarshi hujumi tugaganidan keyin front chizig‘i sezilarli o‘zgarmagan. Nashrning ta’kidlashicha, ko‘p sonli qo‘shinlarni bir joyga to‘play olmaslik tufayli Ukraina mudofaa chiziqlarining to‘satdan yorib o‘tilishi ehtimoldan yiroq. Rossiya bunday taktika bilan faqat sekin sur’atlarda hujum qilishi mumkin. «Uch yillik muvaffaqiyatsiz hujum operasiyalaridan so‘ng, to‘satdan qulash Ukraina mudofaa chiziqlaridan ko‘ra Rossiya harbiy iqtisodiyoti uchun ehtimoli yuqoriroq bo‘lishi mumkin», – deya xulosa qilgan «The Economist».
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainadagi urushni tugatish uchun Donbassning bosib olinmagan qismlari, shuningdek Zaporoje va Xerson viloyatlaridan Ukraina qo‘shinlarini olib chiqishni ochiq talab qilgan. Keyinchalik u AQSh prezidenti Donald Tramp bilan muzokaralar chog‘ida Donbassni Rossiyaga to‘liq topshirish evaziga Zaporoje va Xerson viloyatlaridagi front chizig‘ini muzlatib qo‘yishga rozi bo‘lgan.
The Washington Post manbalariga ko‘ra, Moskva hamon Kiyevdan butun Donbassni talab qilmoqda, ammo endi buning evaziga Zaporoje va Xerson viloyatlarining bir qismidan voz kechishga tayyor.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Ukraina qo‘shinlarining Donbassdan chekinmasligi haqida aytgan. U bunday qarorni «qabul qilib bo‘lmaydigan» deb atagan, shuningdek, Ukraina va Rossiya urush tugashiga yaqinlashib qolganini ta’kidlagan. AQSh prezidenti Donald Tramp Vashingtonda ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralardan so‘ng hozirgi front chizig‘ida jang harakatlarini to‘xtatishni va keyinroq tinchlik haqida kelishib olishni taklif qilgan. Biroq Kreml Trampning bu taklifini rad etgan.