Erling Xolandning gollari "Manchester Siti"ga Premyer-liga doirasida "Everton"ni 2:0 hisobida mag‘lub etishga yordam berdi.
O‘yin yakunidan so‘ng "shaharliklar" bosh murabbiyi Xosep Gvardiola Xolandning o‘yini haqida fikr bildirdi.
"Uning to‘rtta yoki beshta gol ura olmaganidan hafsalam pir bo‘ldi. Biroq, biz faqat Xolandga to‘liq suyanib qolmasligimiz kerakligini tushunishimiz lozim. U doimo o‘z o‘rnida, ammo bizga boshqa futbolchilar ham zarur. Qanotdagi va hujumkor yarim himoyachilar ham gol urishlari kerak, aks holda biz ko‘zlagan maqsadimizga erisha olmaymiz. Erling nihoyatda muhim, ammo boshqa o‘yinchilarning ham iste’dodi bor. Ular paydo bo‘lgan imkoniyatlardan foydalanishlari shart," - deya Gvardiolaning so‘zlarini BBC keltirdi.
"Manchester Siti" turnir jadvalida peshqadamlik qilayotgan "Arsenal"ga yetib oldi, biroq "to‘pchilar" o‘z o‘yinini hali yakunlamagan.