Ayrim holatlarda bankomat texnik nosozlik yoki boshqa sabablar tufayli bank kartasini qaytarib bermasligi mumkin. Bunday vaziyatda qoidani bilmagan ayrim bank xodimlari mijozlarga “karta 3 ish kunida beriladi” degan javob aytiladi. Lekin amaldagi qonunchilikda bu masala aniq tartib bilan belgilangan.
Markaziy bank Boshqaruvining “O‘zbekiston Respublikasi hududida bank kartalarining chiqarilishi va muomalada bo‘lishi qoidalari” to‘g‘risidagi nizomining 11-bob, 44-bandiga (https://lex.uz/ru/docs/5355601)ko‘ra, agar bankomat bank kartasini qaytarib bermasa, bank kartasi saqlovchisi bankomatga xizmat ko‘rsatuvchi bankka (ekvayerga) og‘zaki yoki yozma murojaat qilishi mumkin.
☑️ Agar murojaat bank operasiya kuni davomida kelib tushsa, karta shu kunning o‘zida qaytarib berilishi kerak.
☑️ Agar murojaat bank operasiya kuni tugagandan keyin kelib tushsa, karta keyingi bank operasiya kunidan kechiktirmasdan qaytarilishi shart.
☑️ Agar bankomat SHIR-kod (PIN) bir necha marta noto‘g‘ri kiritilgani sababli kartani olib qolgan bo‘lsa, bank mijozni identifikasiya qilgandan keyin kartani murojaat kelib tushgan kundan keyingi bank ish kunidan kechiktirmasdan qaytarishi kerak.
☝️Shuningdek, Nizomga ko‘ra bankomatlarda bank (ekvayer) nomi, mijozlarni qo‘llab-quvvatlash markazi telefon raqami va to‘lov tizimi logotipi bo‘lishi shart. Bu mijozlar bankomat karta yutib qo‘ygan holatda darhol qaysi bankka murojaat qilishini bilishi uchun joriy qilingan.