Bugun 31 oktyabr, 2026 yil, shanba

КИР

Aydarko‘l bo‘yida 150 gektarlik yirik turistik majmua tashkil etiladi

A A A
Aydarko‘l bo‘yida 150 gektarlik yirik turistik majmua tashkil etiladi

Navoiy viloyatidagi Aydarko‘l bo‘yida 150 gektar maydonni qamrab oladigan yirik turistik-rekreasion majmua tashkil etish rejalashtirilmoqda. Loyiha doirasida mehmonxonalar, dam olish maskanlari, kempinglar va boshqa turistik infratuzilma ob’ektlari barpo etilishi ko‘zda tutilgan.

Yangi majmua yil davomida sayyohlarni qabul qilishga mo‘ljallangan. Loyiha doirasida beshta mehmonxona, 20 ta dam olish va sog‘lomlashtirish ob’ekti, 25 ta kemping, kottejlar, restoranlar hamda boshqa xizmat ko‘rsatish ob’ektlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Majmua bir vaqtning o‘zida 2 ming nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilmoqda. Loyiha natijasida yiliga 500 ming nafar sayyohni, jumladan, 200 ming nafar xorijiy va 300 ming nafar mahalliy sayyohni jalb etish maqsad qilingan. Shuningdek, hududda 300 ta yangi ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan.

Aydarko‘lda turistik infratuzilma kengaytiriladi

Bugungi kunda Aydarko‘l Navoiy viloyatining tabiiy va cho‘l turizmi salohiyati yuqori bo‘lgan hududlaridan biri hisoblanadi. Ko‘l akvatoriyasining 132 ming gektari viloyat hududiga to‘g‘ri keladi. Shundan 101 ming gektari Nurota tumani, 31 ming gektari esa Konimex tumani hissasiga to‘g‘ri keladi.

Hozirda Aydarko‘l hududida 94 ta joylashtirish ob’ekti faoliyat yuritmoqda. Ularning to‘qqiztasi o‘tov lageri, 16 tasi konteyner turidagi joylashtirish ob’ekti, 67 tasi kottej va ikkitasi kempingdan iborat. Mavjud infratuzilma bir vaqtning o‘zida ming nafargacha sayyohni qabul qilish imkonini beradi.

Yangi turistik majmuaning tashkil etilishi hududning sayyohlik imkoniyatlarini kengaytirish, xizmatlar sifatini oshirish va mahalliy aholi bandligini ta’minlashga xizmat qilishi kutilmoqda.

Qizilqum cho‘li va Aydarko‘l— yagona sayyohlik yo‘nalishi

Aydarko‘l hududidagi faol turistik maskanlardan biri — Qizilqum Safari majmuasi. Ushbu maskan sayyohlarni Qizilqum cho‘lining betakror tabiati va ko‘chmanchi xalqlarning an’anaviy turmush tarzi bilan tanishtiradi. Bu yerda mehmonlar o‘tovlarda dam olish, milliy taomlardan tatib ko‘rish va mahalliy madaniy an’analar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega.

Aydarko‘l sohilida joylashgan Golden Safari majmuasi ham sayyohlar uchun o‘ziga xos dam olish imkoniyatlarini taklif etadi. O‘tov lagerida ko‘l bo‘yida hordiq chiqarish, an’anaviy o‘tovlardatunash va cho‘l manzaralaridan bahramand bo‘lish mumkin.

Bundan tashqari, Konimex tumanida safari,tabiiy va sarguzasht turizmiga ixtisoslashgan (Uzbekistan for You) turistik ob’ekti ham faoliyat yuritmoqda.

Mazkur maskanlar Aydarko‘l bo‘yidagi hordiqni Qizilqum cho‘li bo‘ylab sayohatlar bilan birlashtirish, sayyohlarga hududning tabiiy va madaniy merosini kengroq namoyish etish imkonini bermoqda.

2026–2027-yillarda yangiloyihalar amalga oshiriladi

Aydarko‘lning turistik salohiyatini yanada oshirish maqsadida hududga investisiyalar jalb etish,yangi joylashtirish ob’ektlarini tashkil qilish va zamonaviy turistik infratuzilmani rivojlantirish rejalashtirilgan.

2026–2027-yillarga mo‘ljallangan dastur doirasida ko‘l atrofida yangi turistik loyihalarni amalga oshirish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va yil davomida sayyohlarni qabul qilish uchun zarur sharoitlarni yaratishga alohida e’tibor qaratiladi.

Yangi majmua to‘liq amalga oshirilsa, Aydarko‘l nafaqat mahalliy sayyohlar, balki xorijiy mehmonlar uchun ham jozibador maskanga aylanishi, Navoiy viloyatida turizmni rivojlantirish va yangi ish o‘rinlarini yaratishga munosib hissa qo‘shishi kutilmoqda.

Kiritildi: Bugun 09:41. O'qildi: 431 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!