Yaponiya aviachiptalar agregatori Sky Ticket tizimiga ruxsatsiz kirish natijasida taxminan 14 million foydalanuvchining ma’lumotlari sizib chiqdi.
Bu haqda Yaponiya jamoat televideniyesi xabar berdi.
O‘g‘irlangan ma’lumotlar orasida ismlar, elektron pochta manzillari, bank hisob ma’lumotlari va hatto parollar ham borligi ta’kidlanmoqda. Sky Ticketning o‘zi ham o‘g‘irlangan ma’lumotlarning aniq miqdorini oshkor qilmasdan, bu haqda e’lon qildi. Kompaniya uzr so‘radi va foydalanuvchilarga parollarini o‘zgartirishni so‘rab elektron pochta xabarlarini yuborganini ma’lum qildi.
Avvalroq, 9 oktyabr kuni Book Off konsignasiya do‘konlari tarmog‘ida ham foydalanuvchi ma’lumotlarining katta miqdorda sizib chiqishi haqida xabar berilgan edi, unda taxminan 6,4 million foydalanuvchining maxfiy ma’lumotlari o‘g‘irlangan edi.
Yaponiya kompaniyalarining axborot tizimlariga ruxsasiz kirish holatlari soni 2026 yilda rekord darajaga yetdi. 2026 yilning dastlabki to‘qqiz oyida mamlakatdagi kompaniyalar, korxonalar va davlat idoralariga qilingan xakerlik hujumlari soni 600 tadan oshdi — bu 2025 yildagi barcha ko‘rsatkichdan (593 ta hodisa) ko‘p. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, sun’iy intellektdan foydalanish muvaffaqiyatli xakerlik hujumlarining ko‘payishiga sabab bo‘lishi mumkin, garchi aniq hodisalar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liqlik hali aniqlanmagan bo‘lsa-da. Sentyabr oyida bunday hujumlar soni ham keskin oshdi, kompaniyalar foydalanuvchi ma’lumotlarining o‘g‘irlanishi haqida har kuni xabar berishdi.