O‘zbekistonda nosoz attraksionlar haqida xabar berish mumkin bo‘lgan "Attraksion nazorati" mobil ilovasi ishlamoqda. Sanoat, radiasiya va yadro xavfsizligi qo‘mitasining aytishicha, ilova orqali mamlakat hududidagi madaniyat, istirohat bog‘lari, ko‘ngil ochar maskanlarda o‘rnatilgan hamda foydalanayotgan texnik nosoz va shubhali bo‘lgan attraksionlar haqida xabar berish mumkin.
Buning uchun ilovaga kirib ro‘yxatdan o‘tiladi. Kerakli viloyat, hudud va bog‘ni tanlab, murojaat yuboriladi. Unda murojaatning holati, ya’ni jarayonda yoki tugaganligini kuzatib borish mumkin.
Ilovani hozircha faqat Android asosidagi qurilmalar uchun bepul yuklab olsa bo‘ladi.
Bundan tashqari, murojaatni qo‘mitaning 71 203 02 39 ishonch telefoni orqali qoldirish ham mumkin.