Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi hududiy bosh boshqarmalari tomonidan atmosfera havosi sifatini yaxshilash, shuningdek, fuqarolardan kelib tushayotgan murojaatlarni ijobiy hal qilishga qaratilgan reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.
Xususan, Andijon viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi tomonidan fuqarolarning ohak va g‘isht ishlab chiqarish korxonalaridan chiqayotgan tutun hamda chang sababli nafas olish qiyinlashayotgani yuzasidan bildirilgan murojaatlari asosida tegishli o‘rganish va nazorat tadbirlari olib borildi. O‘rganishlar davomida ohak va g‘isht ishlab chiqaruvchi korxonalar faoliyati nazoratga olinib, mas’ullarga atmosfera havosini muhofaza qilish, belgilangan ekologik me’yorlarga rioya etish hamda ishlab chiqarish jarayonlarini amaldagi normativ talablar asosida tashkil etish yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi.
Shuningdek, korxonalarda o‘rnatilgan chang va gaz tozalash uskunalarining samaradorligi o‘rganildi, laboratoriya tahlillari uchun namunalar olindi. Olingan namunalar belgilangan tartibda tekshiriladi hamda tahlil natijalariga ko‘ra qonunchilikda belgilangan choralar ko‘riladi. Qolaversa, hududlarda aniqlangan 2 ta qo‘lbola ohak pishirish o‘chog‘i bartaraf etilib, qonuniy choralar ko‘rildi.
Bundan tashqari, Namangan viloyati Ekologiya va iqlim o‘zgarishi bosh boshqarmasi tomonidan g‘isht ishlab chiqaruvchi «S.M.» korxonasida ham ekologik talablarga rioya etilishi yuzasidan nazorat-reyd tadbiri o‘tkazildi. O‘rganish davomida korxona atmosferaga yuqori darajada chang-gaz chiqarayotganligi aniqlanib, faoliyati vaqtincha to‘xtatildi hamda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Reyd tadbirlari respublikaning barcha hududlarida davom ettirilmoqda.