Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov va Rossiya prezidenti Vladimir Putin Armanistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqidagi a’zoligi bilan bog‘liq vaziyat yuzasidan qo‘shma bayonot imzoladi.
Hujjatda Armanistonga nisbatan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi to‘g‘risidagi shartnoma amalini to‘xtatib turish ehtimoli va buning oqibatlari baholanishi qayd etilgan.
Bunga Armanistonning Yevropa Ittifoqi bilan yaqinlashishga qaratilgan siyosati sabab qilib ko‘rsatilmoqda. Xususan, 2025 yilda Armaniston parlamenti mamlakatning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish jarayonini boshlash haqidagi qonunni qabul qildi va u prezident tomonidan imzolandi. Shuningdek, 2026 yil 5 mayda Armaniston va Yevropa Ittifoqi sammiti yakunlari bo‘yicha qabul qilingan qo‘shma deklarasiyada Yerevanning Yevropa integrasiyasiga intilishi qo‘llab-quvvatlandi.
Mazkur holatga javob sifatida Armanistonga nisbatan Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi shartnomasi amalini to‘xtatib turish masalasi ko‘rib chiqilishi mumkin.