16 oktyabr holatiga ko‘ra, AQShning Eronga qarshi harbiy operasiyasi uchun sarflagan mablag‘i 47,1 milliard dollarga yetdi. Bu Pentagonning avvalgi bahosiga nisbatan 3,5 milliard dollarga ko‘pdir.
Bu haqda Punchbowl News muxbiri Brianna Rayli AQSh Qurolli kuchlari Markaziy qo‘mondonligi (CENTCOM) tomonidan Kongressga taqdim etilgan ma’lumotlarga tayanib ma’lum qildi.
Uning ma’lumotlariga ko‘ra, AQSh Mudofaa vazirligi harbiy xarajatlarning avvalgi bahosini sentyabr oyi boshida qonun chiqaruvchilarga taqdim etgan.
Xarajatlarning asosiy qismi — taxminan 29 milliard dollar — jangovar harakatlar davomida sarflangan o‘q-dorilar zaxirasini to‘ldirishga yo‘naltirilgan.
Operasion xarajatlar 11,9 milliard dollarni tashkil etgan. Yo‘qotilgan harbiy texnika va uskunalar o‘rnini qoplash uchun esa yana taxminan 6,1 milliard dollar sarflangan.
Shu bilan birga, umumiy hisob-kitobga mojaro davomida mintaqada zarar ko‘rgan Amerika harbiy ob’ektlarini tiklash xarajatlari kiritilmagan.