Eron prezidenti Mas’ud Pizishkiyon bu haqda Hindistonning India Today telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
"Ular urush orqali o‘z maqsadlariga erisha olmadi. Shuning uchun iqtisodiy bosim o‘tkazishga o‘tdi. Lekin biz to‘xtamaymiz", — dedi prezident.
Dengiz qamali haqida gapirar ekan, Pizishkiyon Vashington bunday vaziyatda ham o‘z maqsadlariga erisha olmasligini bildirdi.
"Albatta, dengiz yo‘li hayotimiz bog‘liq bo‘lgan yagona yo‘l emas. Ular bu usul bilan ham o‘z maqsadlariga erisha olmaydi", — deya fikr bildirdi Eron prezidenti.
Pizishkiyon Eron va O‘mon o‘rtasidagi Ho‘rmuz bo‘g‘ozi bo‘yicha muzokaralar haqida ham to‘xtalib o‘tdi. U 14 sentyabr kuni Maskatda arab davlatlari tashqi ishlar vazirlarining uchrashuvibo‘lib o‘tishini aytdi.
"Kelayotgan dushanba kuni arab davlatlari tashqi ishlar vazirlari Maskatda yig‘iladi. Ular Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali qo‘shma yo‘nalish tashkil etish bo‘yicha O‘mon va Eron o‘rtasidagi kelishuvni imzolaydi. Shuningdek, bu kelishuv haqida Xalqaro dengiz tashkilotiga xabar beriladi. Uchrashuvda hududidan bizga qarshi AQSh hujumlari amalga oshirilgan mamlakatlar ham qatnashadi", — deya aniqlik kiritdi Eron prezidenti