AQShning Oregon shtatida ikki vertolyotning to‘qnashuvi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi.
Halokat 29 oktyabr kuni mahalliy vaqt bilan soat 14:10 da Makminvill shahrining shimolida sodir bo‘lgan.
Yamxill okrugi sherifi idorasi ma’lumotlariga ko‘ra, Robinson R22 va Airbus vertolyotlari Amity–Dayton shossesi hamda Crinkshank Road kesishmasi yaqinida havoda to‘qnashib ketgan.
Robinson R22 bortida Texas shtatidan bo‘lgan uchuvchi-instruktor va uning Buyuk Britaniyadan kelgan shogirdi bo‘lgan. Airbus vertolyotida esa 38 yoshli mahalliy aholi vakili bo‘lgan. Hodisa oqibatida uchala shaxs ham halok bo‘lgan.
To‘qnashuv sabablari hozircha aniqlanmagan.
Hodisa yuzasidan tekshiruvni AQSh Milliy transport xavfsizligi kengashi (NTSB) hamda Federal aviasiya ma’muriyati (FAA) olib bormoqda.