AQShda aviaqatnovlar vaqtincha to‘xtatilgani sababli temiryo‘l chiptalarini bron qilish va sotish tizimida ham nosozlik kuzatildi. Oqibatda minglab yo‘lovchilar muqobil safar variantlarini topishda qiyinchilikka duch keldi.
Tasnim News xabariga ko‘ra, juma kuni kechqurun mamlakatning temiryo‘l tashuvchisi Amtrak kompaniyasi sayti va mobil ilovasida uzilishlar yuz bergan. Yuzlab foydalanuvchilar chiptalarni bron qilish imkoni bo‘lmayotgani haqida xabar bergan.
Fox 5 telekanali ma’lumotlariga ko‘ra, kompaniya tizimdagi muammolarni safarlarga talab keskin oshgani va butun tizim bo‘ylab yangilanish jarayoni bilan izohlagan.
Soat 21:00 atrofida Amtrak bron qilish tizimlari bosqichma-bosqich tiklanayotganini ma’lum qilgan. Biroq ayrim yo‘lovchilar to‘lovlarni amalga oshirish, safarni bron qilish va chiptalarni almashtirishda hali ham qiyinchiliklarga duch kelishi mumkinligi aytilgan. Shuningdek, qo‘llab-quvvatlash xizmatiga qo‘ng‘iroqlar soni va javob kutish vaqti ham oshgan.
Temiryo‘l tizimidagi uzilish AQSh Federal aviasiya ma’muriyati (FAA) aloqa tizimidagi vaqtinchalik nosozlik sababli mamlakat bo‘ylab barcha aviaqatnovlarni to‘xtatish haqida qaror qabul qilganidan keyin sodir bo‘ldi. Keyinchalik ushbu cheklov bekor qilingan.
Aviadispetcherlar aloqasining uzilishi va parvozlarni to‘xtatish haqidagi buyruq AQSh aviasiya sohasida jiddiy uzilishlarga olib kelgan.
AQSh prezidenti Donald Tramp Fox News telekanaliga bergan intervyusida aviasiya tizimidagi so‘nggi nosozlikka sun’iy intellekt yoki kiberhujumlar aloqador bo‘lgani ehtimolini rad etgan.