AQSh Vise-prezidenti Jey Di Vens Eron Oliy milliy xavfsizlik kengashi kotibi Mohsen Rizoiyga maktub yo‘llab, Vashington va Tehron o‘rtasidagi muzokaralarni qayta boshlashni taklif qildi. Bu haqda The Wall Street Journal xabar bermoqda. AQSh Prezidenti Donald Tramp ushbu tashabbusni tasdiqlab, Vens bu masalani avvalroq u bilan muhokama qilganini ma’lum qildi.
«U mendan bu haqda nima deb o‘ylashimni so‘radi va men: "Agar buni qilishni istasang, juda yaxshi", deb javob berdim», — dedi Amerika yetakchisi.
Maktub manzili — Mohsen Rizoiy avvallari Islom inqilobi muhofizlari korpusiga (IIMK) qo‘mondonlik qilgan va Eron rahbariyatidagi «qattiq qo‘lli» (radikal) qanot vakili hisoblanadi. Avvalroq u AQSh bilan muzokaralar olib borishga qarshi chiqqan va qo‘shni arab mamlakatlaridagi ob’ektlarga hujumlarni kengaytirish bilan tahdid qilgan edi.
Axios ma’lumotlariga ko‘ra, Vens o‘z maktubida muzokaralarning qayta boshlanishi Eron yadro dasturini muhokama qilishni ham o‘z ichiga olishi kerakligini ta’kidlagan. Maktub yuborilgan aniq sana ochiqlanmagan.
Ushbu diplomatik tashabbus AQSh va Isroilning 2026 yil fevralidagi zarbalaridan so‘ng boshlangan nizoni bartaraf etish bo‘yicha o‘tkazilgan natijasiz urinishlar ortidan amalga oshirildi.