Bugun 15 avgust, 2026 yil, shanba

КИР

AQSh O‘zbekiston va Qozog‘istonni ham bojlarni chetlab o‘tishda Xitoyga yordam berganlikda aybladi

AQSh O‘zbekiston va Qozog‘istonni ham bojlarni chetlab o‘tishda Xitoyga yordam berganlikda aybladi

AQSh 40 dan ortiq davlatni, jumladan, O‘zbekiston va Qozog‘istonni ham bojlarni chetlab o‘tishda Xitoyga yordam berganlikda aybladi.

Bu haqda Amerika hukumatining “Yuklarni qayta ortish bo‘yicha katta firibgarlik” nomli hisobotida ma’lum qilindi. Hisobot muqovasiga “Troya oti” rasmi joylashtirilgan.

Hujjatga ko‘ra, Xitoy o‘z mahsulotlarini bojlar arzonroq bo‘lgan mamlakatlar orqali o‘tkazib, Qo‘shma Shtatlarning yuqori bojxona to‘lovlarini chetlab o‘tgan. Xitoy mahsulotlariga arzimagan ishlov berish, ularni qayta markalash, qadoqlash yoki boshqa kichik o‘zgartirishlar kiritish uchun uchinchi mamlakatlardan foydalangan. Shu tariqa, mahsulotlar go‘yoki Xitoyda ishlab chiqarilmagandek ko‘rsatilib, yuqori bojlardan xoli bo‘lgan.

Hisobotda “firibgarlik ishtirokchilari” uchta toifaga bo‘lingan:

1-toifaga yirik yetakchilar kiradi. Ular qatoridan Kanada, Yevropa Ittifoqi, Hindiston, Isroil, Yaponiya, Meksika, Janubiy Koreya va Tayvan o‘rin olgan.

2-toifaga Xitoy bilan sezilarli iqtisodiy integrasiyaga ega yirik yetakchilar kiritilgan. Braziliya, Indoneziya, Malayziya, Tailand, Turkiya va Vyetnam shular jumlasidandir.

3-toifada AQSh bozoriga imtiyozli kirish imkoniyatiga ega yoki bojxona nazorati cheklangan davlatlar joy olgan. Xitoy bu davlatlardagi arzon ishchi kuchi, erkin iqtisodiy zonalar, port va chegara hududlariga kirish imkoniyati, bojxona omborlari va maxsus yig‘ish quvvatlaridan foydalanish afzalliklariga ega.

Bularga Argentina, Ozarbayjon, Bangladesh, Kambodja, Chili, Kolumbiya, Kosta Rika, Dominikan Respublikasi, Gruziya, Iordaniya, Qozog‘iston, Keniya, Laos, Marokash, Myanma, Ummon, Panama, Peru, Filippin, Singapur, Shri Lanka, Shveytsariya, Birlashgan Arab Amirliklari va O‘zbekiston kiradi.

Shuningdek, hisobotda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Gruziya Xitoyning “Bir makon — bir yo‘l” tashabbusi doirasidagi quruqlikdagi tranzit yo‘nalishlari uchun muhim logistika nuqtalari sifatida ko‘rsatilgan.

"Asosiy ssenariyga ko‘ra, yiliga 75 milliard dollarlik yuklarni noqonuniy qayta yuklash natijasida qariyb 450 ming ish o‘rni yo‘qotiladi. Buning oqibatida federal daromadlar 19 milliard dollardan 26 milliard dollargacha kamayadi", deyiladi hujjatda.

Kiritildi: 20:55 14.08.2026. O'qildi: 312 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!