Fransiyada 31 oktyabr kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan ommaviy norozilik namoyishlari va Xellouin bayrami munosabati bilan mamlakat bo‘ylab qariyb 70 ming polisiya xodimi safarbar etiladi. Bu haqda Euronews xabar berdi.
Fransiya Ichki ishlar vazirligi jamoat tartibi buzilishi xavfi juda yuqori ekanidan ogohlantirgan. Namoyishlar ketma-ket uchinchi shanba kuni o‘tkaziladi. Ularda kasaba uyushmalari, talabalar va «Sariq nimchalilar» harakati vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.
Namoyishchilar maktablardagi sharoitning yomonligi va yashash xarajatlari oshib borayotganiga qarshi norozilik bildirmoqchi. Hukumat talabalar murojaatlariga javoban bir qator choralarni ko‘rgan bo‘lsa-da, kasaba uyushmalari bu qadamlarni yetarli emas deb hisoblamoqda.
Avvalgi namoyishlar 17 oktyabr kuni ommaviy tartibsizliklar bilan kechgan. 24 oktyabr kuni esa hukumat bir nechta shaharda to‘qnashuvlarning oldini olish maqsadida ayrim yurishlarni taqiqlagan.
Bu safar tinch namoyishlarga ruxsat berilgan, biroq ishtirokchilarga shahar markazlarida miting o‘tkazish cheklangan. Ichki ishlar vaziri Loran Nunyes namoyishlar faqat shaharlarning chekka hududlarida tashkil etilishi mumkinligini bildirgan. Kasaba uyushmalari esa ushbu cheklovlarga qarshi chiqish niyatida.
Vazirlik hukumat binolari oldida ruxsatsiz yig‘ilishlar va yurishlar o‘tkazishga chaqiriqlar ko‘payganini ham ma’lum qilgan. Rasmiylarning xavotiriga ko‘ra, namoyishlarning Xellouin bayrami bilan bir vaqtga to‘g‘ri kelishi tungi tartibsizliklarga sabab bo‘lishi mumkin.
Shu munosabat bilan ayrim shaharlarda qo‘shimcha cheklovlar joriy etildi. Lionda voyaga yetmaganlar uchun soat 23:00 dan boshlab komendantlik soati belgilandi. Parij polisiyasi esa 17 oktyabr kuni tartibsizliklar kuzatilgan hududlarda harakatlanishni chekladi.
Jamoat tartibini ta’minlash uchun ta’tilda bo‘lgan huquq-tartibot idoralari xodimlari ham xizmatga qaytarilgan, boshqa xodimlarning dam olish kunlari bekor qilingan.