AQSh Adliya vazirligi amerikalik chip ishlab chiqaruvchi Nvidia kompaniyasiga daxl qilishi mumkin bo‘lgan bir nechta tergovni olib bormoqda. Bu holat kompaniya bosh direktori Jensen Xuangning iste’foga chiqishiga sabab bo‘lgan mojaro fonida yuz bermoqda.
Semafor portali xabar berishicha, bu haqda AQSh ma’muriyatining ikki nafar vakili ma’lum qilgan.
Manbalarga ko‘ra, gap uchta alohida tergov haqida ketmoqda. Ularning biri Nvidia kompaniyasining monopoliyaga qarshi qonunchilikni buzgan bo‘lishi mumkinligi bilan bog‘liq.
Qolgan ikkita tergov Megaspeed va Supermicro kompaniyalari faoliyatiga taalluqli. Ushbu ishlar doirasida AQSh rasmiylari Xitoy razvedkasi bilan hamkorlik qilganlikda gumonlanayotgan Elis Xuang bilan bog‘liq holatlarni o‘rganmoqda.
Shu bilan birga, nashr ta’kidlashicha, tergovlar bir-biridan mustaqil ravishda olib borilmoqda. Hozircha Nvidia kompaniyasining Elis Xuang bilan bog‘liq taxmin qilinayotgan qonunbuzarliklarga aloqadorligini tasdiqlovchi dalillar mavjud emas.
Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, AQSh Adliya vazirligi hozircha Nvidia kompaniyasiga ham, uning sobiq bosh direktori Jensen Xuangga ham ayblov qo‘yish niyatida emas.
Avvalroq Xuang Elis Xuang bilan munosabatlari haqidagi xabarlar fonida nikohdan tashqari munosabatda bo‘lganini tan olgan edi. Nvidia direktorlar kengashi xorijiy razvedka kompaniya rahbari orqali kompaniya ma’lumotlariga kirishga uringan bo‘lishi mumkinligi bilan bog‘liq holatlarni mustaqil tekshirishni boshlagan.