Bugun 11 may, 2025 yil, yakshanba

КИР

Andorra: masjidga joy yetmagan mitti davlatcha

Andorra: masjidga joy yetmagan mitti davlatcha

Andorra rasmiy ravishda knyazlik hisoblanib, Yevropaning eng kichik davlatlaridan biridir. Pireney yarim orolidagi bu davlat shimolda Fransiya va janubda Ispaniya bilan chegaradosh. Andorra so‘zining kelib chiqishi noma’lum, ammo ba’zi manbalarda aragon tilida ’’andurrial’’ so‘zidan olingan bo‘lib, “butalar qoplangan joy”, "qalin o‘rmonli joy" degan ma’noni anglatadi deyilgan.

Andoraning poytaxti – Andorra la Vella eng rivojlangan hududlaridan biridir. BMTning 2020 yilgi statistikasiga ko‘ra, Andorraning hozirgi aholisi 85 470 kishini tashkil etadi, umumiy yer esa maydoni 470 km2 dan iborat bo‘lgan ushbu davlatning asosiy aholisi (87,8 foiz) shaharlarda istiqomat qiladi. 

Davlat tuzumi

Andorra – "parlament knyazligi". Konstitusiyasiga ko‘ra, Andorra knyazligi parlament demokratiyasidir. Andorrada gubernatorlari ("vige") tomonidan namoyish etilgan knyazlar davlat boshlig‘i bo‘lib qoladilar, ammo ularning hokimiyati asosan nominaldir. Oliy qonunchilik organi asosan bir palatali umumiy 28 kishilik kengash bo‘lib, umumiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri saylov huquqi bilan 4 yilga saylanadi.  

Andorrada musulmonlar bormi?

Andorra Konstitusiyasi din erkinligini ta’minlaydi va hukumat amalda ushbu huquqni hurmat qiladi. Knyazlikda rasmiy davlat dini yo‘q. Ammo Konstitusiya Rim-katolik cherkovi bilan xos munosabatlarni tan oladi, garchi to‘g‘ridan-to‘g‘ri subsidiyalar bo‘lmasa ham, unga hatto  ba’zi imtiyozlarni beradi. Andorra aholisi asosan (88,2%) katoliklar. Shuningdek, ma’lumotlarga ko‘ra, mamlakatda 100 nafarga yaqin yahudiylar yashaydi. Buyuk Karl bosqini davrlarigacha u yerda 700 ga yaqin musulmonlar vestgotlardan Segre vodiysi bosib olish orqali kirib kelishgan. Ammo ular o‘zlariga qarshi siyosat tufayli Andorrada qolmay, Tuluza, Narbonna, Karkasson va Nimesga tarqalib ketgan. 

AQShning 2006 yildagi ’’diniy erkinliklar’’ to‘g‘risidagi hisobotiga ko‘ra, hozirgi kunda Andorrada 2000 nafarga yaqin asosan shimoliy afrikaliklar bo‘lgan musulmonlar bor.  Musulmonlar hamjamiyatida 50 ga yaqin talabaga arab tilidan dars beradigan Islomiy madaniyat markazi mavjud. 

Ammo hukumat va musulmonlar jamoasi maktablarga bunday saboq berishga imkon beradigan tizim to‘g‘risida hali kelishmagan.  Xabarlarga ko‘ra, hukumat arab tili darslarini o‘tkazishga ruxsat bergan, ammo musulmonlar hamjamiyati dars berish uchun dastlabki davrlarda imom topa olmagan. 

Andorrada maxsus qurilgan masjid yo‘q va hukumat arzon loyihalar uchun yerlar kamligini aytib, masjidga yer ajratishdan bosh tortib kelmoqda. 2003 yilda mahalliy imom yepiskop Joan Marti Alanisga masjid qurish uchun cherkovdan yer ajratishni yoki foydalanilmaydigan cherkovlardagi bo‘sh joylardan masjid sifatida foydalanishni iltimos qilgan. Bir necha yil davomida musulmonlar jamoasi va hukumat o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarga qaramay, hech qanday masjid qurilmadi. Shunga qaramay, mamlakatdagi musulmonlarda o‘zlarining kichik "ibodat qilish joylari" mavjud bo‘lib, mamlakat bo‘ylab tarqalgan ushbu ibodatxonalar soniga cheklovlar qo‘yilmagan. Chunki diniy guruhlarni va diniy ibodatlarni qonuniy ro‘yxatdan o‘tkazish va tasdiqlashni aniq talab qiladigan qonun yo‘q. Uyushmalar to‘g‘risidagi qonun umumiy bo‘lib, unda diniy tashkilotlar haqida so‘z yuritilmaydi. Uyushmalarning konsolidasiyalangan reestrida barcha turdagi uyushmalar, shu jumladan, diniy guruhlar ro‘yxatga olinadi. Ro‘yxatdan o‘tish majburiy emas, ammo hukumatning nodavlat tashkilotlarga ko‘rsatadigan ko‘magi uchun guruhlar ro‘yxatdan o‘tishlari yoki qayta ro‘yxatdan o‘tishlari kerak. 

Davlat tenglik va diskriminasiya to‘g‘risidagi qonun loyihasini, shu jumladan, diniy kamsitishlarni taqiqlashni parlamentga qonun-loyihasi sifatida taqdim etgan. Qonun bo‘yicha ovoz berish va buni ta’minlash 2019 yil boshida kutilgan edi. Ammo hukumat  musulmon va yahudiylarning qabriston uchun yer ajratish borasidagi talablariga ijobiy javob bermadi.

Andorra tarixiga nazar

Andorra, bu ’’Marca Hispanica’’(Ispan yurishlarida, Buyuk Karl tomonidan 795 yilda Andalusiya xalifalari va Karoling imperiyasi o‘rtasidagi urushda  mudofaa to‘sig‘i sifatida o‘rnatilgan hudud) mustaqil ravishda ajralib, ya’ni arablarning nasroniy Fransiyaga kirib borishini oldini olish uchun tashkil etilgan bufer davlat deb qaralgan. (Buning uchun Buyuk Karl ularni doimiy ravishda qo‘llab quvvatlagan). Knyazlik Birinchi Jahon urushi paytida Germaniyaga qarshi urush e’lon qildi, ammo janglarda bevosita qatnashmadi. Ikkinchi Jahon urushi paytida esa Andorra betarafligini saqlagan holatda,  Fransiya va Ispaniya,  o‘rtasida kontrabandaning muhim yo‘li sifatida tarixda qolgan. 1933 yilda Fransiya o‘sha yilgi inqilob va ish tashlashlar sababli saylovlar oldidan yuz bergan ijtimoiy notinchliklardan so‘ng Andorrani ishg‘ol qildi. Andorraning siyosiy tizimi xuddi shu yilda  konstitusiyaviy referendumidan so‘ng modernizasiya qilindi,  shu yildan boshlab Andorra Birlashgan Millatlar Tashkiloti va Yevropa Kengashiga a’zo bo‘ldi. Andorra - Fransiya prezidenti va Urxel katolik yepiskopi (Kataloniya, Ispaniya) bilan sherik knyazlar hamkorligidagi parlament davlatidir. Andorraning nisbatan o‘zini izolyasiya qilganini hisobga olgan holda, Andorra Yevropa tarixining asosan chetda qolib, Fransiya, Ispaniya va Portugaliyadan tashqari boshqa mamlakatlar bilan kam aloqada bo‘lgan. So‘nggi paytlarda uning rivojlanib borayotgan turizm, transport va kommunikasiyalar sohasidagi o‘zgarishlar katta bo‘ldi.
Qiziq ma’lumot: 1993 yilgacha Andorra o‘z syuzerenlariga har yili o‘lpon to‘lagan.  O‘lpon sifatida Fransiya prezidentiga – 960 frank; Urxel yepiskopiga 460 peset, 12 bosh pishloq, 12 xo‘roz, 12 kaklik, 6 dona son go‘shti berilgan.

Andorra boy davlatlar qatoriga kiradimi? 

Evropadagi kichik davlat bo‘lishiga qaramasdan, Andorra juda rivojlangan hudud. Shuningdek, u kishi jon boshiga daromad bilan o‘lchaganda, dunyodagi 23-boy mamlakat hisoblanadi. Mamlakat byudjetining asosiy daromadi turizm va tamaki bo‘lib, bu mamlakat yalpi ichki mahsulotining 80 foizini tashkil etadi; Andorraga har yili eng kamida 10 milliongacha sayyoh tashrif buyuradi va xususiy tadbirkorlik deyarli cheklovlarsiz ishlaydi. Andorrada qishloq xo‘jaligining rivojlanishi yerlarning atigi 2 yoki 5 foizini yetishtirishga yaroqli ekanligi bilan cheklangan. Ushbu sohada aholining 1 foizdan kamrog‘i ishlaydi. Temir rudalari, qo‘rg‘oshin, mineral suv va o‘rmonlarning zaxiralari, gidroyenergetika resurslari mavjud.

Andorrada ta’lim tizimi

Maktablar ta’lim 6 yoshdan 16 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar uchun majburiydir. Faqat o‘rta ta’limgina davlat tomonidan bepul amalga oshiriladi. Davlatning tarixiy va rasmiy tili katalon tili bo‘lib,  hukumat katalon tilidan foydalanishni, uni saqlab qolishni doimiy ravishda rag‘batlantiradi.  Masalan, Andorradagi Kataloniya toponimikasi komissiyasi, ushbu tilni ishlatuvchilar, katalon tilida tashkil etilgan maktablarni tanlovchilar,  va ta’limga qurbi yetmaydigan qatlamni ham ushbu tildan foydalantirgan holda bepul darslar tashkil etib, moddiy jihatdan ta’minlab keladi. Jahon mamlakatlaridan farqli o‘laroq bu davlatda ingliz tili keng tarqalmagan va qiziqish bildirilmagan til sifatida e’tirof etiladi 

Muntazam qurolli kuchlariga ega bo‘lmagan Andorra, qanday himoyalanadi? 
Andorrada muntazam qurolli kuchlar mavjud emas; shart vaziyatlarda bu vazifani Andorra polisiyasi  amalga oshiradi.  Andorraning himoyasiga esa – siyosiy ta’sir kuchiga ega bo‘lgan Fransiya va Ispaniya javobgardir.  

Tabiati va iqlimi 

Sharqiy Pireney tog‘ tizmasida joylashganligi sabab, Andorra asosan yassi tog‘lardan iborat bo‘lib, eng balandi Koma Pedrosa 2942 metrni tashkil etadi. Andorrada qishda o‘rtacha qor ko‘proq bo‘lishi va yozda biroz salqinroq ekanligi bilan belgilanadi. Bahor va yoz oylarida ham nam havo, ya’ni yog‘ingarchilik kuzgacha davom etishi mumkin (may, iyun va avgust oylari odatda eng ko‘p yomg‘ir yog‘adigan oylar); qishda esa, tog‘li hududlardan tashqari, boshqa hududlarida kamroq yomg‘ir yog‘adi, bu esa Andorra tog‘larida juda ko‘p qor yog‘ishini izohlaydi. Doimiy harorat rejimi salqin yoz, uzoq va sovuq qish bilan tavsiflanadi.

Shahnoza Jo‘ramurodova tayyorladi

Manba: azon.uz

Kiritildi: 04:30 10.09.2020. O'qildi: 4469 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!