2026 yil 23 oktyabr kuni soat 03:30 larda Buloqboshi tumani "Nayman" MFY hududidagi Toshmahalla ko‘chasida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 1990 yilda tug‘ilgan N.S. "HOWO" rusumli yuk avtomashinasini boshqarib ketayotgan vaqtda uxlab qolishi oqibatida transport vositasi ustidan boshqaruvni yo‘qotgan. Natijada avtomashina yo‘lning qarama-qarshi tomoniga chiqib ketib, ko‘cha chetidagi uzum so‘ritog‘iga borib urilgan.
Hodisa oqibatida tan jarohati olgan fuqarolar yo‘q. Biroq yaqin atrofdagi turar joylarga moddiy zarar yetgan.
Mazkur holat yuzasidan Buloqboshi tumani IIB YHXG xodimlari tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Haydovchilardan yo‘lga chiqishdan oldin o‘zlarining jismoniy holatiga e’tibor qaratish, charchoq yoki uyqusizlik alomatlari kuzatilganda transport vositasini boshqarmaslik so‘raladi. Zero, bir lahzalik e’tiborsizlik ham inson hayoti va mol-mulki uchun jiddiy xavf tug‘dirishi mumkin.
Andijon viloyati IIB JXX YHXB Axborot xizmati