Andijonda 30 sotix yer savdosi ortidan mahalla raisi va hokim yordamchisi ushlandi.
➡️ Andijon tumanidagi MFYlardan birining raisi va ushbu mahalladagi hokim yordamchisi o‘zaro til biriktirib, 1967 y.t. fuqaroga chorvachilik maqsadida mazkur mahalla hududidan ajratib berilgan yer maydonining 2 sotixini hamda davlat zaxirasida bo‘lgan 28 sotix yerni Andijon shahrida yashovchi, 1989 y.t. shaxs nomiga rasmiylashtirib berishni reja qilishadi.
Ular jami 30 sotix yer maydonining bir qismini noturar, qolgan qismini turar joy toifasiga o‘zgartirib berishni aytib, yer uchun 57 ming AQSh dollari va kadastr idoralaridagi tanishlari orqali hujjatlarni rasmiylashtirish uchun 3 ming AQSh dollari talab qilishadi.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda mahalla raisi va hokim yordamchisi oldindan yer maydoni uchun 28 ming AQSh dollari hamda kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish uchun 3 ming AQSh dollari olgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Hozirda ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.