29 sentyabr kuni Rossiyaning Amur viloyatida Tu-95MS raketa tashuvchi strategik bombardirovchisi o‘quv-mashg‘ulot parvozi vaqtida halokatga uchradi. Samolyot Krasnoyarovo qishlog‘i yaqinida qulagan.
Dastlab bortdagi olti nafar ekipaj a’zosi halok bo‘lgani xabar qilingan. Keyinchalik “Mediazona” tekshiruvi qurbonlar soni sakkiz nafar ekanini ko‘rsatdi. Ularning barchasi strategik aviasiyada xizmat qilgan.
Olti kishi asosiy ekipaj tarkibida bo‘lgan, yana ikki harbiy esa tekshiruvchi yoki yo‘lovchi sifatida samolyotda bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Qurbonlar orasida mayor Andrey Lobanov, mayor Andrey Gerasimov va podpolkovnik Fyodor Pavlyukov ham bor. Ukrainadagi “Jallodlar kitobi” loyihasida ular Ukraina hududiga raketali zarbalarda ishtirok etgan yoki ularni tashkil qilgan harbiylar sifatida tilga olingan.
Rossiya Mudofaa vazirligi samolyot qurol-yarog‘siz uchganini bildirgan. Halokat sabablari hozircha ochiqlanmagan.