Saudiya Arabistonining "Al-Hilol" klubi yangi mavsum oldidan hujum chizig‘ini kuchaytirish maqsadida bir qator yuqori saviyali futbolchilarni kuzatmoqda.
talkSPORT ma’lumotiga ko‘ra, klub rahbariyatining ustuvor maqsadi "Bavariya" hujumchisi Xarri Keynni tarkibga qo‘shib olish hisoblanadi. Saudiya klubi 33 yoshli angliyalik futbolchining vakillari bilan ehtimoliy transfer masalasida dastlabki muzokaralarni ham o‘tkazgan.
Keynning Myunxen klubi bilan amaldagi shartnomasi kelasi yili o‘z nihoyasiga yetadi. "Bavariya" hujumchi bilan hamkorlikni davom ettirish va yangi kelishuv imzolash tarafdori. Biroq futbolchining o‘zi faoliyatini Saudiya Arabistonida davom ettirish ehtimolini butunlay rad etmayapti.
"Al-Hilol"ning transfer ro‘yxatidan yana ikki taniqli hujumchi — "Galatasaroy" forvardi Viktor Osimxen hamda "Aston Villa" a’zosi Olli Uotkins ham joy olgan.
Shu bilan birga, Angliya klubi Uotkinsni joriy yozgi transfer oynasida sotish niyatida emas. "Aston Villa" rahbariyati futbolchining jamoada qolishiga ishonch bildirmoqda.
Shu tariqa, "Al-Hilol" yangi hujumchi tanlashda bir nechta variant ustida ishlamoqda, biroq klubning asosiy e’tibori ayni paytda Xarri Keyn transferiga qaratilgan.