AI-80 markali benzinning 1 yanvardan “O‘zbekneftgaz” AJga qarashli AYOQShlarda 6800 so‘mdan sotilishi odamlarda “Ana endi boshqa oktanli benzinning ham narxi oshar ekan”, degan noto‘g‘ri xulosalarni paydo qildi. Boshqa oktanli avtobenzin narxi oshmaydi.
Chunki bugungi kunda mamlakatimizda, birinchidan, avtobenzin hajmi bo‘yicha hech qanday muammo yo‘q. Ikkinchidan esa, AI-80 markadagi benzinning ham narxi oshgani yo‘q. Davlatimiz rahbarining 2022 yil 12 dekabrdagi PQ-440-sonli va 2023 yil 23 fevraldagi PQ-80-sonli qarorlari bilan 2023 yil 31 dekabrga qadar “nol” stavkada qo‘llanilgan aksiz solig‘i imtiyozining muddati tugadi.
Aytish kerakki, 2022 yilda 1 million 254,6 ming tonna avtobenzin ishlab chiqarilgan va 121,3 ming tonna import qilingan hamda iste’molchilarga 1 million 317,8 ming tonna yetkazib berilgan edi.
2023 yilda 1 million 334,5 ming tonna (shundan 1 million 144 ming tonna AI-80 rusumli avtobenzin) ishlab chiqarildi hamda 400 ming tonna (shundan 120 ming tonna AI-80 rusumli avtobenzin) import qilindi. Iste’molchilarga esa 1 million 463,2 ming tonna yetkazib berildi.
Joriy 2024 yilda iste’molchilariga 2 million 281,6 ming tonna, shundan 1 million 293,6 ming tonna AI-80 rusumli avtobenzin yetkazib berilishi rejalashtirilgan.
Bundan ko‘rinadiki, avtobenzin importi hajmi ham yildan-yilga ortib bormoqda. Masalan, o‘tgan yili 2022 yildagiga nisbatan 279 ming tonna ko‘p import qilingan bo‘lsa, bu yil 2023 yildagiga nisbatan 600 ming tonna ko‘p import qilinishi rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, respublika iste’molchilarining avtobenzinga bo‘lgan kunlik talabi o‘rtacha 5 ming tonnani (shundan 3,65 ming tonna AI-80 rusumli avtobenzin) tashkil etgani holda, havo harorati keskin soviganda, birinchi navbatda, aholi va ijtimoiy soha iste’molchilarini tabiiy gaz bilan ta’minlash maqsadida AGTKShlarga tabiiy gaz yetkazib berishdagi cheklovlar natijasida avtobenzinga bo‘lgan kunlik talab 8 ming tonnagacha (shundan 7,5 ming tonna AI-80 rusumli avtobenzin) yetadi.
Mamlakatimizda avtobenzin defisiti bo‘yicha hech qanday kutilma yo‘q. Benzin hajmlari yetarli, xalq orasida “arzon benzin” deb nom olgan AI-80 bo‘yicha ham yetarli zaxira mavjud.
Shu jihatdan, yurtdoshlarimizning benzin masalasida qayg‘urishlari o‘rinsiz. To‘g‘ri, ayrim noinsof tadbirkorlar tufayli sohada qandaydir maxinasiyalar uchrab turadi. Biroq bular ham Vazirlik tizimidagi “O‘zenergoinspeksiya” hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan zudlik bilan bartaraf etiladi.