Bugun 29 oktyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

ADM Global O‘zbekistonda gibrid va elektromobillar ishlab chiqarishga 100 million AQSh dollarigacha investisiya kiritadi

ADM Global O‘zbekistonda gibrid va elektromobillar ishlab chiqarishga 100 million AQSh dollarigacha investisiya kiritadi

ADM Jizzakh va Janubiy Koreyaning DK&G Co kompaniyasi gibrid va elektromobillar CKD-ishlab chiqarishini sanoat uskunalari bilan jihozlash bo‘yicha bitim imzoladi. Mayda uzel asosida yig‘uv sexi qurilishiga investisiyalar hajmi 100 million AQSh dollarigacha yetadi. Uni amalga oshirish yangi energiya manbalaridan foydalanuvchi avtomobillar (NEV) modellar turkumini sezilarli darajada kengaytirish, yangi ishlab chiqarish texnologiyalarini o‘zlashtirish va mahalliy avtomobil sanoatini rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish imkonini beradi.

Hozirgi vaqtda ADM Jizzakh hududida yangi ishlab chiqarish majmuasi qurilib, u yerda birinchi navbatda CHANGAN brendining gibrid va elektr avtomobillarini, birinchi navbatda UNI-E modelini, shuningdek, CHERY va HAVAL avtomobillarini ishlab chiqarish rejalashtirilgan. Ishlab chiqarish CKD (mayda uzel asosida yig‘ish) texnologiyasi asosida tashkil etiladi hamda bu kuzovni payvandlash va bo‘yashdan tortib, yakuniy yig‘uv va tayyor avtomobil sifatini nazorat qilishgacha bo‘lgan to‘liq siklni o‘z ichiga oladi. Bugungi kunda xuddi shunday texnologiya asosida ADM Jizzakh’da ichki yonuv dvigateliga ega Kia avtomobillari ishlab chiqarilmoqda.

Yangi majmuaning asosiy xususiyati turli brendlarga mansub avtomobillarni yagona ishlab chiqarish liniyasida ishlab chiqarish imkoniyati bo‘ladi. Ushbu texnologik yechim ADM Jizzakh va DK&G Co mutaxassislarining qo‘shma muhandislik ishlari doirasida amalga oshiriladi. Konveyerning universalligi ishlab chiqarish moslashuvchanligini ta’minlaydi va uni gibrid hamda elektr avtomobillarning turli modellariga moslashtirish imkonini beradi.

NEV yo‘nalishini rivojlantirish ADM Global mahsulot portfelini kengaytirishning muhim bosqichiga aylanadi. Kompaniya O‘zbekiston bozoriga mahalliylashtirish darajasi yuqori bo‘lgan bir nechta yangi gibrid va elektromobil modellarini olib chiqishni rejalashtirmoqda.

«ADM Global’ning strategik vazifasi yangi avtomobil modellarini o‘zlashtirish doirasidan ancha kengdir. Biz avtomobilsozlik, komponentlar ishlab chiqarish, o‘z muhandislik kompetensiyalarimizni rivojlantirish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etishni birlashtiruvchi zamonaviy industrial ekotizimni izchil shakllantirib bormoqdamiz. Gibrid va elektr avtomobillar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish ushbu strategiyani amalga oshirishda yana bir muhim qadam bo‘ladi va kompaniyaning kelgusi texnologik rivojlanishi uchun asos yaratadi», — deya ta’kidladi ADM Global kompaniyasining bosh direktori Daniyar Davletiyarov.

Yangi majmuaning qurilishi gibrid va elektr avtomobillarga bo‘lgan o‘sib borayotgan talabga javob beradi hamda avtomobil sohasidagi global transformasiyani aks ettiradi. Korxona mahsulotlari O‘zbekistonning ichki bozoriga ham, eksportga ham yo‘naltiriladi. Loyihani amalga oshirish ADM Global’ga xalqaro bozorlardagi ishtirokini kengaytirish va O‘zbekistonning mintaqaviy avtomobil ishlab chiqarish markazlaridan biri sifatidagi o‘rnini mustahkamlash imkonini beradi.

Kiritildi: Bugun 11:32. O'qildi: 288 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!