Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonliko‘l tumanida istiqomat qiluvchi Shiyrinxan Taumuratovaga nisbatan yetti yil oldin e’lon qilingan sud hukmi bekor qilindi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Gap shundaki, bundan 7 yil avval 2014 yili Shiyrinxan Taumuratova Qo‘ng‘irot tumanidagi bir kollejda direktor o‘rinbosari bo‘lib ishlardi. Shu kollej rahbari bir choyxonadan 148 ming so‘m qarz bo‘lib qolib, bu pulni o‘sha kunlarda ishdan bo‘shatilayotgan psixologga to‘lashni buyuradi. Psixolog ayol ham ishda qolish uchun dastlab 50 ming so‘m olib kelganda, direktor pulni o‘zi olishdan qo‘rqib uni o‘rinbosarining oldiga yuboradi. Shiyrinxan Taumuratova 50 ming so‘m nima uchun ekanini so‘rab-surishtirmay olib qolib, direktorga eltib beradi.
Ertasi kuni psixolog yana 100 ming so‘m olib direktor oldiga kirib berayotgan joyda direktor qo‘lga olinadi, tabiiyki, oldingi 50 ming so‘m poraning vositachisi sifatida Shiyrinxan Taumuratova ham jinoyatchilar qatoriga qo‘shilib qoladi.
2015 yil 13 fevraldagi sud hukmi bilan Shiyrinxan Taumuratova 2 yil mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum qilinib, unga 2 yillik shartli sinov jazosi tayinlanadi.
Shu kunlarda Orolbo‘yida sud-huquq masalalari bo‘yicha tashkil qilingan ommaviy qabullarda Shiyrinxan Taumuratova Oliy sud mas’ullaridan qariyb 7 yil oldingi sud hukmini qayta ko‘rib, qonuniy-adolatli hal qilib berishlarini so‘radi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudining jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati bu shikoyatni jinoyat ishi materiallari bilan birga ko‘rib chiqib, Qo‘ng‘irot tuman sudining 2015 yil 13 fevraldagi aylov hukmini bekor qildi. Harakatlarida jinoyat alomatlari bo‘lmaganligi sababli Shiyrinxan Taumuratovani aybsiz deb topib, oqladi.
Uch kunlik ommaviy qabullarda Orolbo‘yining barcha hududidagi murojaatchilar qamrab olindi. Har bir ariza va shikoyat hududlardagi mas’ul rahbarlar va murojaatchilar ishtirokida sinchiklab ko‘rib chiqildi.
Bu jarayonda Oliy sud mas’ullari ko‘rib chiqqan 615 ta murojaatning 118 tasi joyida hal qilib berildi.
Umumlashtirib aytganda, Orolbo‘yida sud-huquq masalalari bo‘yicha tashkil qilingan navbatdagi ommaviy qabullarda 970 nafardan ziyod murojaatchining mingta masalasi ko‘rib chiqildi. Ularning 144 tasi joyida hal etildi, 342 ta murojaat bo‘yicha huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi, qo‘shimcha o‘rganish talab etiladigan 514 ta masala nazoratga olindi.