AQSh Rossiyaga Ukraina bilan urush paytida bosib olgan hududlarni nazorati ostida qoldirishni taklif qildi. Bu haqda Bloomberg vaziyatdan xabardor yevropalik amaldorlarga tayanib, Fransiyada o‘tkazilgan muzokaralar chog‘ida AQSh tomonidan Rossiya-Ukraina urushini to‘xtatish bo‘yicha bildirilgan takliflar haqida xabar berdi.
Bundan tashqari, AQSh Rossiyaga qarshi sanksiyalarni yumshatish va Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish intilishini kun tartibidan chiqarishni taklif etdi.
Agentlik ta’kidlashicha, bildirilgan takliflar "amalda urushni muzlatib qo‘yish" imkonini beradi. Bloomberg manbalari muzokaralarning maxfiy xususiyatini hisobga olib, muhokamalarning boshqa tafsilotlarini oshkor qilishdan bosh tortishdi.
17 aprel kuni Parijda AQSh Ukraina va Yevropa davlatlari vakillari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi. Amerika delegasiyasi tarkibiga davlat kotibi Marko Rubio, AQSh prezidentining Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus elchisi Stiv Uitkoff va prezidentning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog kirdi.
Muzokaralarda Ukraina nomidan Prezident devoni rahbari Andrey Yermak, tashqi ishlar vaziri Andrey Sibiga va mudofaa vaziri Rustem Umerov ishtirok etdi. Delegasiyalar uchrashuvi Fransiya prezidenti Emmanuel Makron ishtirokida bo‘lib o‘tdi.