Bugun 19 aprel, 2025 yil, shanba

КИР

Xitoy Rossiyaning harbiy ishlanmalarini o‘g‘irladi

Xitoy Rossiyaning harbiy ishlanmalarini o‘g‘irladi

Vladimir Putin hukmronligi davrida Rossiyadan Xitoyga qurol-aslaha oqimi kamaya boshladi. ChinaPower tahlil markaziga tayanib, The Moscow Times xabar berishicha, 2009-2023 yillar oralig‘ida Xitoyning qurol-aslaha importi oldingi 15 yillik davrga nisbatan 40 foizga pasaygan.

"Rossiyaning Xitoy qurol-aslaha importidagi ulushi 85 foizdan 68 foizgacha tushdi. Biroq, bu pasayishga faqat Rossiya-Ukraina urushi sabab bo‘lmadi. Bunday kamayish, shuningdek, Xitoyning Rossiya qurol tizimlarini nusxalashi hamda intellektual mulk va texnologiyalarni ommaviy o‘g‘irlashi bilan ham bog‘liq.

Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, so‘nggi 20 yil ichida Rossiya mudofaa sanoati korxonalariga, ayniqsa aerokosmik texnologiyalar sohasida, Xitoy josusligi va xakerlik hujumlarining kamida 21 ta holati qayd etilgan. 2004 yilda uchta sud jarayoni bo‘lib o‘tgan bo‘lib, ular Xitoyga aviasiya va sun’iy yo‘ldoshlar sohasidagi ishlanmalar haqidagi maxfiy ma’lumotlarni uzatgan yetti nafar rossiyalikni jazoga tortish bilan yakunlangan.

Bugungi kunga kelib, vaziyat o‘zgarmagan. 2021-2023 yillar oralig‘ida aerokosmik va lazer texnologiyalari bo‘yicha yana to‘rtta maxfiy ma’lumotlar sizib chiqishi holati qayd etildi.

Ammo bunday josuslik faqatgina muammoning bir qismi, xolos. Xitoy muntazam ravishda Rossiya yetkazib beruvchilari bilan tuzilgan lisenziya shartnomalari talablarini buzib, texnikani o‘z ehtiyojlari uchun nusxalash va moslashtirish bilan shug‘ullangan. Masalan, J-11 qiruvchi samolyoti Rossiyaning Su-27 samolyotidan nusxa ko‘chirilgan, Xitoyning HQ-9 zenit-raketa majmuasi esa S-300 ga shubha uyg‘otadigan darajada o‘xshash.

2019 yilda Rossiyaning "Rostex" davlat korporasiyasi 17 yil ichida o‘z mahsulotlarini noqonuniy nusxalashning 500 ta holati qayd etilganini rasman ma’lum qildi. Kamdan-kam uchraydigan ommaviy bayonotida kompaniya Xitoyni aviasiya dvigatellari, "Suxoy" samolyotlari, kemaga joylashtirilgan qiruvchi samolyotlar, havo hujumidan mudofaa tizimlari va "Pansir" zenit-raketa majmuasining o‘xshashlarini yaratishda ochiqchasiga aybladi.

Kiritildi: 20:24 18.04.2025. O'qildi: 1471 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!