Oliy ta’lim, fan va innovasiyalar vazirligida 2026/2027 o‘quv yili uchun oliy ta’lim tashkilotlariga qabul jarayonlarining yakuniy natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
Anjumanida ommaviy axborot vositalari vakillari, soha mutaxassislari hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi.
Unda 2026/2027-o‘quv yili uchun qabul jarayonlarining yakuniy natijalari, abituriyentlarning test sinovlarida qayd etgan ko‘rsatkichlari, ta’lim yo‘nalishlari kesimidagi o‘tish ballari, grant va to‘lov-kontrakt asosida talabalikka tavsiya etilganlar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, mandat natijalaridan so‘ng abituriyentlar uchun ochiladigan imkoniyatlar, super-kontrakt asosida o‘qish shartlari, talabalikka tavsiya etilgan abituriyentlarning keyingi harakatlari hamda qabul jarayoni bilan bog‘liq dolzarb masalalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.
Anjuman davomida 1-bosqichga tavsiya etilgan talabalar uchun talabalar turar joyiga joylashish bo‘yicha ariza berish xizmati 18-avgustdan ishga tushirilishi hamda Arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki my.gov.uz portali orqali belgilangan tartibda topshirilishi mumkinligi to‘g‘risida ma’lumot berildi.
Joriy yilda bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga 677,9 ming nafar abituriyent onlayn ro‘yxatdan o‘tdi. Qabul jarayoni “avval test — so‘ng tanlov” tamoyili asosida ikki bosqichda tashkil etildi.
Test sinovlari respublika bo‘yicha 64 ta katta sig‘imli binoda o‘tkazilib, jarayonlar videokuzatuv va onlayn translyasiya orqali ochiq namoyish etildi. Milliy va xalqaro sertifikatlarga ega qariyb 13 ming nafar, shuningdek, belgilangan imtiyozlarga ega 302 nafar abituriyent test sinovlaridan ozod qilindi.
Test natijalariga ko‘ra, 389,1 ming nafar abituriyent tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ldi. Ikkinchi bosqichda ularga o‘z natijalaridan kelib chiqib, oliy ta’lim tashkiloti, ta’lim yo‘nalishi va ta’lim shaklini tanlash imkoniyati berildi.