Bugun 10 sentyabr, 2026 yil, payshanba

КИР

119 yoshli kostarikalik erkak dunyodagi eng keksa inson sifatida tan olinishini kutmoqda

119 yoshli kostarikalik erkak dunyodagi eng keksa inson sifatida tan olinishini kutmoqda

Kosta-Rikaning Sardinal shahrida yashovchi Xose Flores o‘zining 119 yoshda ekanini tasdiqlovchi hujjatlar asosida dunyodagi eng keksa inson sifatida tan olinishga harakat qilmoqda.

Floresning oilasi va rasmiy hujjatlariga ko‘ra, u 1907 yil 11 iyul kuni tug‘ilgan. Agar uning tug‘ilgan sanasi xalqaro ekspertlar tomonidan tasdiqlansa, Flores dunyodagi eng keksa inson maqomiga ega bo‘lishi mumkin. Hozirda mutaxassislar uning yoshiga oid tarixiy hujjatlarni tekshirmoqda.

Flores Kosta-Rikaning Tinch okeani sohilidan taxminan 20 daqiqalik masofada joylashgan Sardinal shahridagi oddiy yog‘och uyda yashaydi. Uning kundalik hayoti asosan dam olish, nabirasi tayyorlagan taomlarni iste’mol qilish va u bilan suhbatlashib vaqt o‘tkazishdan iborat.

Sardinal Nikoya yarim orolida joylashgan bo‘lib, bu hudud dunyodagi uzoq umr ko‘ruvchilar ko‘p uchraydigan beshta «Ko‘k hudud»dan biri sifatida tanilgan. Bu joylarda odamlar nisbatan uzoq va sog‘lom hayot kechirishi hamda 100 yoshga yetishi ehtimoli yuqori ekani qayd etilgan.

Mahalliy aholi uzoq umr ko‘rishni kalsiy va magniyga boy suv, makkajo‘xori hamda loviyaga asoslangan ovqatlanish, jismoniy mehnat, mustahkam oilaviy va jamoaviy aloqalar bilan bog‘laydi.

Floresning nabirasi va uni parvarish qilayotgan Hellen Floresning aytishicha, uning bobosi butun umri davomida qishloqda mehnat qilgan va hozir ham xotirjam hamda baxtli hayot kechirmoqda. U ba’zan o‘tgan hayoti haqida hikoyalar aytib beradi, hazillashadi va uzoq umr ko‘rishining asosiy sabablaridan biri oilasi ekanini ta’kidlaydi.

«Muhabbatsiz, mehrsiz va g‘amxo‘rliksiz u bugungacha yetib kelmagan bo‘lar edi», — dedi Hellen Flores.

Nikoya yarim orolida uzoq umr ko‘rishni o‘rganuvchi tashkilot asoschisi Xorxe Vindasning ta’kidlashicha, uzoq umr ko‘rishga oila va ijtimoiy aloqalar, ma’naviyat, kuchli e’tiqod, jismoniy faollik, sog‘lom ovqatlanish va kam stress bilan kechadigan hayot ham ta’sir qiladi.

Floresning shaxsini tasdiqlovchi hujjatida uning 1907 yil 11 iyul kuni tug‘ilgani ko‘rsatilgan. Mutaxassislar uning yoshini tasdiqlash uchun tug‘ilganlik haqidagi guvohnoma, cho‘qintirish haqidagi hujjatlar, farzandlari tug‘ilgan davrga oid ma’lumotlar va keyingi hayotiga tegishli boshqa arxiv hujjatlarini o‘rganmoqda.

Vindasning so‘zlariga ko‘ra, barcha hujjatlar tekshirilib, xalqaro tashkilotlar, jumladan, Ginnesning rekordlar kitobi tomonidan tasdiqlangach, Floresning yoshi bo‘yicha rasmiy xulosa berilishi mumkin.

Floresning oilasi ushbu jarayon yakunlanishini umid bilan kutmoqda. Hellen Floresning ta’kidlashicha, agar uning bobosi dunyodagi eng keksa inson sifatida rasman tan olinsa, bu nafaqat oilasi, balki butun Kosta-Rika uchun ham faxrli voqea bo‘ladi.

Xose Floresning sakkiz nafar farzandi bo‘lgan. Hozirda uning 23 nafar nabirasi, 25 nafar chevarasi va bir nafar evarasi bor.

Ayni paytda dunyodagi rasman tan olingan eng keksa inson — britaniyalik Etel Keterxem hisoblanadi. U 1909 yil 21 avgust kuni Angliyaning Xempshir grafligida tug‘ilgan va 2026 yilda 117 yoshga to‘lgan. Keterxem 2025 yil aprel oyida braziliyalik rohiba Inya Kanabarru Lukas vafot etganidan so‘ng dunyodagi eng keksa inson sifatida tan olingan.

Kiritildi: 19:01 09.09.2026. O'qildi: 340 marta. Fikrlar soni: 0 ta.
telegram channel

Bo'limga tegishli qiziqarli xabarlar

Eng ko'p o'qilgan yangilik

Fikr bildirish uchun qaydnomadan o'tishingiz so'raladi va telefon rakamni tasdiklash kerak buladi!