Juma kuni 22 ta mamlakatdagi port ishchilari urushga va portlardan qurol-yarog‘ eksporti uchun foydalanilishiga qarshi norozilik sifatida ish tashlashadi.
Ushbu aksiya O‘rta Yer dengizidagi yuk tashish hajmining 40 foizdan ortig‘iga ta’sir qilishi va umumiy qiymati 2 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yuk tashish jarayonlarini to‘xtatib qo‘yishi mumkin.
Dastlab Italiya, Fransiya, Gresiya, Ispaniya, Turkiya va Marokashdagi dokerlar kasaba uyushmalari tomonidan tashkil etilgan ish tashlashni hozirda 113 ta portda faoliyat yurituvchi 25 dan ortiq kasaba uyushmasi qo‘llab-quvvatlamoqda.
Norozilik namoyishlari Yevropaning va boshqa mintaqalarning yirik dengiz transporti markazlariga, jumladan, Gamburg, Valensiya, Gavr, Alxesiras, Pirey va Genuya portlariga, shuningdek, Marokashdagi Tanjer-Med hamda Hindistondagi Nava-Sheva portlariga qaratilgan bo‘lishi kutilmoqda.
Tashkilotchilarning ma’lum qilishicha, Yevropadan tashqari Hindistondagi o‘nga yaqin port faoliyati ham izdan chiqishi mumkin. Hindiston Suv transporti xodimlari federasiyasi ham ushbu aksiyani qo‘llab-quvvatlamoqda.